Dzyudo: Diyora Keldiyorova Abu-Dabi turnirida qatnashadi
Ertaga, 29-oktabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida dzyudo bo‘yicha boshlanadigan “Abu Dhabi Grand Slam 2026” xalqaro turnirida mahoratli sportchimiz Diyora Keldiyorova ishtirok etadi.
Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni Diyora Keldiyorova uchun yilning ikkinchi nufuzli musobaqasi sanalgan ushbu turnirda “Los-Anjeles-2028” olimpiadasining muhim reyting ochkolari o‘ynaladi.

Mazkur nufuzli musobaqada 60 ta davlatning 395 nafar dzyudochilari qatorida O‘zbekiston terma jamoasining 14 nafar a’zosi o‘z vazn toifalarida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Xalqaro turnirda mamlakatimiz dzyudochilaridan Kamoliddin Baxtiyorov, Dilshodbek Hamroyev, Zamaxshariy Bekmurodov, Shahzodxo‘ja Sharipov, Umar Bozorov va To‘lqinbek Turdiyev erkaklar bahsida, dzyudochi qizlarimizdan Ulbisin Hakimova, Sita Qadamboyeva, Diyora Keldiyorova, Xurshida Razzoqberdiyeva, Shirinjon Yo‘ldoshova, Barchinoy Qodirova, Irisxon Qurbonboyeva Abu-Dabi tatamilarida kurash olib boradi.

Bugun, 28-oktabr kuni “Abu Dhabi Grand Slam 2026” xalqaro turnirining mandat komissiyasi yig‘ilishi hamda qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro turnir dasturiga binoan ertaga erkaklar o‘rtasidagi -60 va -66 kilogramm, ayollar o‘rtasidagi -48, -52 va -57 kilogramm vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.
Abu-Dabi turnirining birinchi kungi musobaqalarida terma jamoamiz a’zolaridan Kamoliddin Baxtiyorov, Dilshodbek Hamroyev, Ulbisin Hakimova, Sita Qadamboyeva, Diyora Keldiyorova o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazadi.
Xalqaro turnir musobaqalari 31-oktabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA