Dzyudo bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan fotoreportaj
Poytaxtimizdagi «Olimpiya shaharchasi»da o‘smirlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur yig‘in yosh sportchilarning jismoniy va texnik tayyorgarligini yanada takomillashtirish, xalqaro tajriba almashish hamda nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tashkil etilgan.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan yig‘inda Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya, Ruminiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va boshqa davlatlardan kelgan 350 nafardan ziyod o‘smir sportchi ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar davomida tajribali murabbiylar rahbarligida texnik va taktik tayyorgarlik, jismoniy chidamlilikni oshirish hamda bellashuv amaliyotiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-30631]
Xalqaro yig‘in turli mamlakatlar vakillarining o‘zaro tajriba almashishi, sportchilar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlashi, shuningdek, yosh dzyudochilarning mahoratini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Bunday qo‘shma mashg‘ulotlar ishtirokchilar uchun yaqinlashib kelayotgan Osiyo va jahon chempionatlari, shuningdek, boshqa yirik xalqaro musobaqalar oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Muhammad AMIN(surat),O‘zA