“DXX kubogi” g‘oliblari taqdirlandi
Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida futbol va mini-futbol bo‘yicha “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Aytish mumkinki, mazkur musobaqalar Xorazm viloyatida yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “Mahalladan – Respublikagacha” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqalarda viloyatdan 55 ming nafar yigit-qiz ishtirok etdi.
Yoshlar o‘rtasida futbol va mini futbol, qizlar o‘rtasida esa mini futbol bo‘yicha o‘tkazilgan “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi” musobaqalarining viloyat bosqichi yakunlanib, g‘oliblarni taqdirlash marosimi haqiqiy sport bayramiga aylandi.

Tadbirda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov qatnashib, musobaqaning viloyat bosqichi sovrindorlariga kubok, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi. G‘olib jamoalarga Respublika bosqichida muvaffaqiyatlar tilab, ular viloyat sharafini munosib himoya qilishiga ishonch bildirdi.
Musobaqalarning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinlarni futbol bo‘yicha Shovot tumani, Mini futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Urganch shahri hamda qizlar o‘rtasida Gurlan tumani jamoalari egallashdi.


Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri