Dronlar yordamida sholi ekish sinovdan o‘tkazildi
Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutida “Sholi yetishtirishning intensiv texnologiyasi” mavzusida ko‘rgazmali dala seminari bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari, soha olimlari, mutaxassislar, fermer xo‘jaliklari hamda klasterlar rahbarlari ishtirok etgan tadbir davomida ishtirokchilar sholi yetishtirishning ilg‘or agrotexnologiyalari, ko‘chat tayyorlash jarayonlari, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari ko‘rgazmasi hamda sholini mexanizatsiya asosida ekish usullari bilan yaqindan tanishdi. Amaliy namoyishlar seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, dronlar yordamida azotli o‘g‘itlarni sepish, begona o‘tlarga qarshi kurashish hamda sholi urug‘ini ekish jarayonlari amalda ko‘rsatib berildi.

E’tiborlisi, dron yordamida sholi ekish texnologiyasi mamlakatimizda ilk bor qo‘llanilmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligida raqamli va innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Tadbir davomida suv tejovchi texnologiyalar, ayniqsa. sholini tomchilatib sug‘orish usulining afzalliklari va samaradorligi yuzasidan ham mutaxassislar tomonidan batafsil tavsiyalar berildi. Ta’kidlanganidek, suv resurslaridan oqilona foydalanish bugungi kunda qishloq xo‘jaligi oldidagi eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Qayd etilishicha, dunyoning ko‘plab sholi yetishtiruvchi mamlakatlarida, xususan, Vetnam, Tayland, Filippin, Indoneziya va Malayziyada dronlardan foydalanish keng joriy qilingan. Ushbu texnologiyalar urug‘ sepish, ekinni oziqlantirish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish hamda begona o‘tlarni yo‘qotish kabi agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etishga xizmat qilmoqda. Xorijiy tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, dron texnologiyalaridan foydalanish mehnat unumdorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi. Ayrim hollarda samaradorlikning qariyb 30 barobargacha oshgani kuzatilgan.
Shuningdek, joriy yildan boshlab respublikamizga yuk ko‘tarish quvvati 100 kilogrammdan yuqori bo‘lgan zamonaviy dronlar olib kelinishi va ularni qishloq xo‘jaligiga, xususan sholichilik tarmog‘iga keng tatbiq etish rejalashtirilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur innovatsion yondashuvlar kelgusida yuqori hosildorlikka erishish, fermer va klasterlar daromadini oshirish hamda mamlakatimiz agrar tarmog‘i va iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
A. Musayev,O‘zA