Dron nişonni özi topadi: Germaniya yangi qurolni tekşirmoqda
Germaniya harbiylari Litvada portlovçi modda bilan jihozlanadigan uçuvçisiz uçoq va sunʼiy intellekt asosida nişonni aniqlaş texnologiyasini körikdan ötkazyapti. Sinov uçun Belarus çegarasi yaqinidagi Rudninkay harbiy dala maydoni tanlangan. Şu tariqa NATO şarqiy qanotini himoya qiliş salohiyatini kuçaytirişga qaratilgan saʼy-harakat doirasidagi navbatdagi qadam taşlandi.
Maşğulotga jalb etilgan, “Helsing va Stark Defence” kompaniyalari işlab çiqqan dron havoda maʼlum vaqt aylanib, nişonni aniqlaydi va söngra zarba beradi. Maşq payti qurilma şartli zirhli texnika vositasi şaklidagi nişonga qarşi qöllandi. Faqat portlovçi modda örniga xavfsiz nusxadan foydalanildi. Şuningdek, kompaniyaning “Clarity” dasturi ham tekşirilib, turli kuzatuv manbalaridan kelgan maʼlumot tahlil qilindi. Bu nişonni aniqlaş va vaziyatni tezroq baholaşga yordam beradi.
Amaliyot NATO tarkibidagi 8 davlat qatnaşayotgan “Freedom Shield” harbiy maşğuloti dasturidan örin olgan. GFR Litvada 45-tank brigadasini ham joylaştirmoqda. Qariyb 5 000 harbiy va fuqarolik xodimidan iborat uşbu tuzilma 2027-yilgaça töliq jangovar şay holatga keltirilişi közda tutilgan. Hali yangi qurol va texnologiyaning amaliy samaradorligi baholanişi lozim. Zero, dron elektron xalaqit beruvçi vosita yoki havo hujumidan mudofaa tizimi taʼsirida işdan çiqişi ham mumkin.
Musulmon Ziyo, ÖzA