"Do‘stlik ohanglari"da hamkorlik va do‘stlik tarannum etildi
Toshkent shahridagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasining 25 yilligiga bag‘ishlangan “Do‘stlik ohanglari” tantanali konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Yubiley konserti sohaviy tashkilotlar vakillari, diplomatik korpus xodimlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, madaniyat arboblari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, vatandoshlar hamda vakolatxona hamkorlarini birlashtirdi.
Tadbirda “Rossotrudnichestvo” rahbari Igor Chayka (onlayn), Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov, “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya va boshqalar so‘zga chiqib, ushbu tashkilot faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Irina Staroselskaya qayd etganidek, o‘tgan 25 yil davomida Rus uyi do‘stlik, ta’lim, madaniyat va yoshlar tashabbuslari markaziga aylangan. Uning ta’kidlashicha, mazkur maskan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan minglab insonlarni birlashtirib kelmoqda. Shu ma’noda, 25 yillik faoliyat do‘stlik, madaniy muloqot, yoshlar tashabbuslari va qo‘shma loyihalar tarixiga aylangan bo‘lib, bu yangi yutuqlar va hamkorlik yo‘lidagi ulkan ishlarning boshlanishi hisoblanadi.
[gallery-29617]
–Mazkur vakolatxona - Rus uyi o‘z faoliyatining 25 yilligini nishonlamoqda. Uning asosiy vazifasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy, ta’limiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirishdan iborat. Rus uyi faoliyati doirasida talabalar, o‘qituvchilar, madaniyat va jamoat arboblari hamda Rossiya bilan bog‘liq sohalarga qiziqqan keng jamoatchilik bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda ta’limiy dasturlar, madaniy tadbirlar va yoshlar loyihalari amalga oshirilib, ko‘plab insonlar uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Yillar davomida bu markaz ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar muloqot, ishonch va do‘stlikni mustahkamlaydigan muhim maydonga aylandi, –dedi Aleksey Yerxov.
Tadbirda “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi hamda S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent filiali talabalari hamkorligida tayyorlangan qisqa metrajli film premerasi bo‘lib o‘tdi. U vakolatxonaning 25 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda asosiy loyihalar, gumanitar tashabbuslar hamda Toshkentdagi Rus uyining rivojlanish tarixi yorqin ifodalangan. Ishtirokchilar filmni katta olqishlar bilan kutib oldi.
Yubiley konserti doirasida “Rossotrudnichestvo” vakolatxonasi hamkorlarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Unda ko‘p yillik samarali hamkorlik, gumanitar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston-Rossiya madaniy va ta’lim aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun esdalik medallari topshirildi. Shuningdek, tadbir davomida grantlar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Kechaning madaniy qismi O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Sevara Nazarxon, rossiyalik taniqli xonanda Soso Pavliashvili hamda “Aviva” raqs jamoasining chiqishlari bilan yanada fayzli va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA