Do‘stlik festivali “Oqqamish” mahallasidan boshlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani “Oqqamish” ovul fuqarolar yig‘inida “O‘zbekiston — bag‘ri keng diyor” mavzusidagi festival turli millatlar do‘stligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bilan boshlandi.
Tuman markazidan olis hududda joylashgan “Oqqamish” ovul fuqarolar yig‘inida boshlangan bayram tadbirida tuman hokimi I.Xudoyberganov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining Jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari A.Allaniyazov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Mahalliy hokimiyat, vakillik va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining ochiqligini ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi Sh.Otemisov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Ahmedova, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisi T.Abdijabbarov ishtirok etib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan alohida e’tiborga to‘xtaldi. Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida do‘stlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotning muhim omili sifatida millatlararo hamjihatlik va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, yurtimizda yashayotgan 16 ta diniy konfessiya, 130 tadan ortiq millat va elatlar vakillari teng huquq va erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratildi.

Mamlakatimizda 30 iyulni Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilash to‘g‘risida 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Millatlararo do‘stlik va totuvlik muhitining mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shgan mahalliy va xorijlik hamkorlarning mehnatini munosib taqdirlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yil 1 iyunda “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Orolbo‘yida do‘stlik festivali “Oqqamish” ovul fuqarolar yig‘inidan mahallasidan boshlangani bejiz emas. Chunki ushbu hududda o‘zbek, qoraqalpoq, turkman, qozoq va boshqa millat vakillari bir oila farzandlaridek yashab, tuman iqtisodiyotining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilib kelmoqda.

Mamlakatimiz poytaxtidan tashrif buyurgan targ‘ibot guruhi a’zolari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Axtamqul Karim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov, estrada xonandasi Alisher Ro‘zmetovning chiqishlari tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Tumandagi el sevgan xushovoz xonandalar tomonidan ijro etilgan turli millat vakillarining kuy, qo‘shiq va raqslari ishtirokchilarga bayramona ruh bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.