Do‘mbira jo‘rligida mardlik va jasorat g‘oyalari kuylandi
Elni madh etish, mardlik va jasoratni kuylash — xalqimizning qadimiy an’analaridan biri. Asrlar davomida baxshilar doston va termalari orqali Vatanga muhabbat, elga sadoqat, mardlik va jasorat kabi tuyg‘ularni avloddan-avlodga yetkazib kelgan.
Bugun ana shu milliy qadriyatlarimiz Qurolli Kuchlarimiz safida ham o‘zgacha ruh va shijoat bilan namoyon bo‘lmoqda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilgan «Eng yaxshi baxshichilik» ko‘rik-tanlovi ham buning yaqqol namunasi bo‘ldi.
Termiz shahridagi Baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tashkil etilgan tanlovda respublikamizning turli hududlaridan kelgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari o‘z mahoratini namoyish etdi.

Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — milliy san’atimizni asrab-avaylash, baxshichilik va dostonchilik an’analarini davom ettirish, shuningdek, harbiy xizmatchilar qalbidagi vatanparvarlik va milliy g‘urur tuyg‘ularini yanada mustahkamlash.
Tadbirga harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, viloyat Madaniyat boshqarmasi vakillari, Milliy gvardiyaga biriktirilgan «Jasorat maktabi» o‘quvchilari, talabalar hamda yoshlar tashrif buyurdi.
Vatan himoyachisi faqat qo‘lidagi quroli bilan emas, o‘zining milliy qadriyatlariga bo‘lgan munosabati bilan ham ibrat bo‘la oladi. Ishtirokchilar do‘mbira jo‘rligida doston va termalar ijro etib, mardlik, sadoqat, Vatan himoyasi kabi ulug‘ g‘oyalarni kuyladilar.
Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy qismi komandiri o‘rinbosari Ahror Jumaboyevning ta’kidlashicha, bunday tadbirlar harbiy xizmatchilarning ma’naviy dunyoqarashini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

—«Milliy o‘zligimizni anglash, bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan baxshichilik va dostonchilik an’analarini asrab-avaylash — barchamizning vazifamiz. Mazkur tanlov oddiy bellashuvdan ko‘ra, o‘zgacha ma’noga ega bo‘ldi. Bu yerda mardlik, Vatanga sadoqat va milliy san’at bir sahnada uyg‘unlashdi», — deydi Ahror Jumaboyev.
Darhaqiqat, ishtirokchilar ijrosida «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li» kabi xalq dostonlaridan parchalar, shuningdek, zamonaviy mardlik va Vatan posbonlarini ulug‘lovchi termalar yangradi. Do‘mbira sadosi ostida aytilgan har bir doston va termada xalqimizning asriy orzu-intilishlari, jasorat va fidoyilik ruhi sezilib turdi.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshilari, Surxondaryo viloyatining taniqli ustoz baxshilari hamda madaniyat sohasi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakunga ko‘ra, «Eng yaxshi baxshichilik» ko‘rik-tanlovida Milliy gvardiyaning 98244-harbiy qismi harbiy xizmatchisi, leytenant Xushboqov To‘rabek Baxtiyorovich 3-o‘rinni egalladi.
2-o‘rin Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakili, oddiy askar Abduqahhorov Sardorbek Salim o‘g‘liga nasib etdi.
Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchisi mayor Xurramov Eldor Farhod o‘g‘li esa tanlovning 1-o‘riniga munosib topilib, respublika bosqichining mutlaq g‘olibi bo‘ldi.
Qolgan mahoratli ishtirokchilar ham tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA