“Dolzarb 40 kunlik”: har kuni 30–40 ming tonna chiqindi olib chiqarilmoqda
Bayram kunlari ko‘pchilik dam oladi, sayr qiladi, yaqinlar bilan birga vaqt o‘tkazadi. Ammo yurtimizda shunday kasb egalari borki, ular uchun bayram kunlari ham yanada mas’uliyatli va qizg‘in mehnat pallasi.
Ko‘chalarning ozodaligi, mahallalarning saranjomligi, bozor va istirohat maskanlarining tozaligi ortida har kuni tong sahardan ishga chiqadigan tozalik posbonlarining mashaqqatli mehnati turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakatimizda 28-iyuldan 6-sentabrga qadar “Dolzarb 40 kunlik” umumrespublika tozalik tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Raqamlarga nazar tashlansa, bu mehnatning ko‘lamini tasavvur qilish mumkin. Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, har kuni respublika bo‘yicha o‘rtacha 4,5 ming dona maxsus texnika va 10 mingdan ortiq xodim tozalik ishlariga jalb etilmoqda. Natijada bir kunda o‘rtacha 30–40 ming tonna qattiq maishiy chiqindi olib chiqilmoqda. 40 kun davomida esa bu ko‘rsatkich qariyb 1 million 400 ming tonnani tashkil etadi. Bundan tashqari, 2 ming tonna qurilish chiqindisi ham olib chiqilib, belgilangan tartibda joylashtirilmoqda va utilizatsiya qilinmoqda.
“Dolzarb 40 kunlik” doirasida asosiy e’tibor aholi punktlarining sanitar holatini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish va aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ayni paytda respublikadagi 8 150 ta mahallaning 7 674 tasi aksiya tadbirlari bilan to‘liq qamrab olingan.

Ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, uning hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlarida maxsus shtablar tashkil etilgan. Hududlarga mas’ul xodimlar biriktirilib, tun-u kun navbatchilik hamda kunlik monitoring yo‘lga qo‘yilgan.
Tozalik tizimida biror texnikaning ishdan chiqishi ham katta hududda chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois texnikalarning uzluksiz ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aniqlangan 64 ta nosozlikning 52 tasi tezkor bartaraf etildi, 12 ta texnika esa almashtirildi. Favqulodda holatlar yoki texnik nosozliklar yuzaga kelganda foydalanish uchun 155 ta maxsus texnika zaxirada saqlanmoqda.
Aksiya doirasida bozorlar, savdo majmualari, bog‘lar va dam olish maskanlarida sanitar tozalikni ta’minlash choralari kuchaytirildi. Tozalash va obodonlashtirish xizmatlarining tunu-kun navbatchiligi tashkil etildi.
Yangi o‘quv yili arafasida maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’mirlash ishlari natijasida hosil bo‘layotgan chiqindilar ham o‘z vaqtida olib chiqildi. Daraxt va butalarni sanitar maqsadlarda kesishdan hosil bo‘lgan shox-shabbalar ham kompostlash va organik o‘g‘it ishlab chiqarish uchun yo‘naltirilmoqda. Poligonlarni obodonlashtirish, yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha ham qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.
Tozalikni ta’minlash bilan bir qatorda tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazorat ham kuchaytirilgan. Tadbirlar davomida chiqindilar bilan bog‘liq 97 ta huquqbuzarlik aniqlanib, aybdorlarga nisbatan jami 165,4 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Aholi murojaatlari ham e’tibordan chetda emas. Fuqarolardan kelib tushgan 327 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Ularning 275 tasi joyida hal etilgan, 52 tasi bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.
“Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari tasdiqlangan reja asosida davom etmoqda. Zero, tozalik bir kunlik aksiya emas — u har kuni, har bir hududda va har bir insonning mas’uliyati bilan yaratiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA