Didye Desham onasining vafotidan keyin Fransiya terma jamoasi ixtiyoriga qaytdi
Avvalroq, Desham onasining vafoti munosabati bilan yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash va dafn marosimida ishtirok etish uchun jamoaning AQShdagi qarorgohini tark etgani xabar qilingandi.
Fransiya Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Didye Desham onasining vafoti sababli qisqa muddatli tanaffusdan so‘ng yana jamoa ixtiyoriga qaytdi, deya xabar bermoqda Le Parisien nashri.
Avvalroq, Desham onasining vafoti munosabati bilan yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash va dafn marosimida ishtirok etish uchun jamoaning AQShdagi qarorgohini tark etgani xabar qilingandi. Mutaxassis yo‘qligida Fransiya terma jamoasi guruh bosqichining 3-turida Norvegiya ustidan 4:1 hisobida yirik g‘alabaga erishdi.
Fransiyaliklar uchta o‘yindan so‘ng yuz foizlik natija — 9 ochko bilan "I" guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Endi ular Jahon chempionati-2026ning 1/16 finalida Shvetsiya termasiga qarshi maydonga tushishadi.
Joriy yilgi Jahon chempionati Shimoliy Amerika qit’asining uchta mamlakati — AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda. Musobaqaning amaldagi g‘olibi esa Argentina hisoblanadi.