Deputatlar tibbiyotdagi muammolarni muhokama qilishdi
«Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi «Deputatlik jamoatchilik eshituvi» bo‘lib o‘tdi. Unda sog‘liqni saqlash tizimida 2026-yilning 9 oyida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va yechimini kutayotgan muammolar muhokama qilindi.
Eshituvda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati yuzasidan axborot berildi.

Qayd etilganidek, profilaktik chora-tadbirlar natijasida viloyatda yuqumli kasalliklar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 104 taga kamaygan. Aholining 98,1 foizi profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tkazilgan. Shuningdek, tibbiyot amaliyotiga 18 ta yangi jarrohlik amaliyoti va 21 ta diagnostika usuli joriy qilinib, 245 ta yuqori texnologik operatsiya bajarilgan.
Muhokamalarda sanitariya-epidemiologik nazoratni kuchaytirish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi masalalarga ham e’tibor qaratildi.

Xususan, Yangiyer shahar sanitariya-epidemiologik xizmati binosini kapital ta’mirlash hamda Mirzaobod tumanida laboratoriyalar uchun yangi bino qurish takliflari ilgari surildi.
Yakunda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, muassasalarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, profilaktik ishlarni kuchaytirish va aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri