Deputat xalq ichida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisodiyot fanlari doktori, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Zafarjon Xudoyberdiyev faoliyati davomida aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirish, odamlarning dardu tashvishlariga befarq bo‘lmaslikka alohida e’tibor qaratmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi saylovchilari huzurida tashkil etilgan "Xalq bilan birga" loyihasi asosidagi keng qamrovli tadbirlarda muammolarni joyida o‘rganish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va inson qadrini ulug‘lash kabi amaliy ishlar olib borildi.
Deputat Ilyosbek Siddiqov raislik qilayotgan “Qo‘shqishloq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nurali Abdurahmonov birinchi guruh nogironligi mavjudligi sababli maxsus aravachada harakatlanadi. U 2024-yil “Kambag‘allik” reyestriga kiritilib, “mahalla yettiligi” ko‘magida 10 million so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Avvaliga, telefon va kommunal xizmatlari to‘lovlarini amalga oshirish shoxobchasi, keyinchalik salqin ichimliklar va muzqaymoq kafesini ishga tushirib, to‘rt kishini ish bilan ta’minlagan. "Umid" aksiyasi doirasida unga tadbirkorlikni yanada rivojlantirish бўйiча qo‘shimcha tavsiyalar berildi.

Mazkur aksiya munosabati bilan parlament vakili ushbu mahallaning yana bir fuqarosi, boshidan ne-ne mashaqqatlarni kechirgan ayol O‘lmasxon Ahmadaliyeva xonadonida bo‘ldi. Buyrak yetishmovchiligi bo‘yicha tibbiy amaliyotlarni o‘tkazgan O‘lmasxon bunday ahvoldan chiqishiga kitob o‘qish yordam berganini aytishi uning chin ma’noda ma’naviyatli, badiiy adabiyotga ishtiyoqi kuchli ekanidan nishona.
"Yurakka yo‘l" aksiyasi doirasida xonadonlarga uyma-uy kirib, fuqarolarning muammolarini o‘rganish davom ettirildi. Qo‘shqishloqlik birinchi guruh nogironligi bo‘lgan Dilshodbek Jo‘rayev ishlab chiqarish jarayonida o‘nglab bo‘lmas asoratni orttirib olgan. U berilayotgan ijtimoiy yordamlardan minnatdorlik bildirish asnosida, shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatishda ba’zi hollarda muammolar yuzaga kelayotganligini ham urg‘uladi.
“Serharakat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ilhomjon Isoqov bilan suhbatda qayd etilishicha, hududning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash borasida bir muncha ishlar qilingan. Tabiiy gaz, ichimlik suvi masalasi to‘liq hal etilgan. So‘nggi uch yil davomida "Tashabbusli byudjet" loyihasida olti bora g‘olib bo‘lib, mahallaning barcha ichki ko‘chalari asfaltlangan.

Biroq muammo shundaki, mahallada elektr simyog‘ochlari va elektr simlarning eskirganligi, elektr liniyalarning tomma-tom o‘tganligi aholini birdek tashvishga solmoqda. Bu haqda mahalla oqsoqoli va mahalliy Kengash deputati ko‘mak so‘ralgan arizani yozma ravishda taqdim etishdi. Muammo ko‘tarildi. Ishonamizki, u albatta, yechiladi.
O‘rganishlar Tegirmonboshi mahallasida davom etdi. "Inson qadri ulug‘langan yurt" aksiyasi doirasida fuqaro Mamlakat Po‘latova xonadoniga kirildi. Uy bekasining uch nafar farzandi bo‘lib, boquvchisini yo‘qotgan. Qizi – 2012-yilda tug‘ilgan Fotima Alijonovaning tug‘ma nogironligi bor. Qo‘l mehnati bilan shug‘ullanayotgan qiz kelgusida Paralimpiyaning velosport yo‘nalishida chempionlikni qo‘lga kiritish niyatida.
"Oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik maktabi" aksiyasi doirasida Adham Usmonov tomonidan tashkil etilgan oilaviy yashik yasash sexi navbatdagi manzil bo‘ldi. Yakka tartibdagi tadbirkorlik shaklida tashkil etilgan ushbu sexda 15 ta ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkor bilan suhbatda iqtisodiy samara, uni oilaviy korxonaga айлантiрish afzalliklari xususidagi so‘z yuritildi.
"Bir jamoa" aksiyasi bo‘yicha esa, Nodira Qo‘ziboyeva tomonidan tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. “Kambag‘allik reyestriga kiritilgan bu ayol qisqa muddatda “mahalla yettiligi” yordamida 10 million so‘m imtiyozli kredit olgan va reyestrdan chiqib, uyida ishlab chiqarish korxonasi tashkil etgan. E’tiborlisi, bu xonadonda olti nafar xotin-qiz ish bilan band. Yashik ishlab chiqarish bilan birga, uyida o‘rdak, tovuq, echki, qo‘y parvarishlamoqda.

"Xalq bilan birga” loyihasi tumandagi 9-sonli umumta’lim maktabida yakunlandi. Bitiruvchilar va pedagogik jamoa bilan uchrashuvda ularning erishgan muvaffaqiyatlari, kelgusi rejalari xususida muloqotga kirishildi. Ilm dargohi bilan muntazam uzviy hamkorlik o‘rnatgan deputatning qayd etishicha, o‘tgan o‘quv yili maktab bitiruvchilarining 57 foizi oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” loyihasi xalqimiz huzurida ochiq muloqotlar o‘tkazish, joylardagi muammolarni o‘rganish va ularga yechim topishga qaratilgan keng qamrovli dastur bo‘lib, partiyaning jamiyat bilan hamnafasligini ko‘rsatadi. Loyiha doirasida parlament vakili Zafarjon Xudoyberdiyevning saylovchilar huzurida o‘tkazgan tadbir va muloqotlari “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilining hayotdagi ifodasidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri