Deputat aralashuvi bilan muammoga amaliy yechim topildi
Aholining haqli e’tirozlari va murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganib, ularga manzilli hamda amaliy yechim topish davlat organlari va xalq vakillari faoliyatining bosh mezoniga aylanmoqda.
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi “Shar-shar bog‘ot” mahallasi aholisidan hududda joylashgan toshni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bir necha bor murojaatlar kelib tushgan edi.
Xususan, korxonaga qatnovchi og‘ir yuk mashinalarining aholi yashaydigan ichki ko‘chalar orqali harakatlanishi, tik ko‘tarilishlarda xavfli vaziyatlarni keltirib chiqarishi va atrofdagi xonadonlarga tahdid solishi fuqarolarning xavotiriga sabab bo‘layotgan edi. Bundan tashqari, og‘ir texnikalar harakati natijasida paydo bo‘layotgan kuchli chang va shovqin ham aholi turmush tarziga jiddiy noqulaylik tug‘dirib kelgan.

Ushbu masala bo‘yicha olingan murojaatlarni atroflicha va chuqur o‘rganish, muammoni bevosita joyida bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nargiza Salomova hududga tashrif buyurdi.
Deputat tomonidan Yakkabog‘ tumani hokimi hamda sohaga mas’ul mutasaddilar ishtirokida “Shar-shar bog‘ot” mahallasida aholi va tadbirkor bilan bevosita muloqot o‘tkazildi. Muammoning kelib chiqish omillari, hududning infratuzilmaviy imkoniyatlari va har ikki tomonning manfaatlari atroflicha tahlil qilindi.


Muzokaralar va joyida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida masalaga oqilona va amaliy yechim topildi. Kelishuvga ko‘ra, endilikda zavodga qatnovchi og‘ir yuk mashinalarining aholi yashash hududlari orqali harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi. Texnikalar harakati uchun aholi xonadonlaridan xoli bo‘lgan hududda mutlaqo yangi yo‘l barpo etiladi.
Yangi yo‘l qurilishi uchun zarur ruxsatnoma va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish tuman hokimligi tomonidan ta’minlanadi. Yo‘l qurilishi bilan bog‘liq barcha moliyaviy xarajatlar esa tadbirkorning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Qabul qilingan ushbu maqbul qaror mahalla ahli tomonidan katta mamnuniyat bilan kuti olindi. Ushbu chora-tadbirlar aholi xavfsizligini ishonchli ta’minlash, ekologik va maishiy noqulayliklarga barham berish bilan bir qatorda, hududda tadbirkorlik faoliyatini ham xavfsiz davom ettirish imkonini beradi.
Fuqarolarning haqli murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish, ularning xavfsiz va munosib turmush kechirishini ta’minlash deputatlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.
O‘zA