Deputat aholi muammolarini o‘rganmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aziza Aminova tomonidan Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi mahallalarda o‘rganish ishlari olib borildi. Xususan, deputat Do‘rmon mahallasi aholisi bilan uchrashib, hududdagi mavjud muammolar, fuqarolarni qiynayotgan masalalar va aholi tashabbuslari bilan yaqindan tanishdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda 100 nafardan ortiq mahalla ahli ishtirok etdi.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholi bilan ochiq muloqotlarni kengaytirish, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish, aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda munosib sharoit yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Uchrashuvda asosiy e’tibor mahallaning ichki yo‘llarini yaxshilash masalasiga qaratildi. Ma’lum bo‘lishicha, Do‘rmon mahallasidagi 2,5 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha “Tashabbusli byudjet” loyihasi shakllantirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 595 million so‘mni tashkil etadi. Biroq loyiha ovoz berish jarayonida yetarlicha ovoz to‘play olmagani sababli g‘oliblar qatoriga kirmagan.
Deputat o‘rganish jarayonida mazkur loyihaning ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. Chunki ichki yo‘llarning holati, avvalo, aholining kundalik harakati, tez tibbiy yordam, yong‘in xavfsizligi, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnovi kabi muhim masalalarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Mahalla ahli bilan suhbatlar davomida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolarni bayon etib, yo‘llarni ta’mirlash masalasi ular uchun eng dolzarb masalalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Joyiga chiqqan holda ko‘chaning bugungi holati o‘rganilib, mavjud muammolar ko‘zdan kechirildi.

Bugungi kunda “Tashabbusli byudjet” jarayonida ishtirok etib, yetarli ovoz to‘play olmagan, biroq ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan loyihalarni deputatlar tashabbusi asosida amalga oshirish imkoniyati ham mavjud. Bu esa aholi uchun muhim bo‘lgan, ammo turli sabablarga ko‘ra qo‘llab-quvvatlash bosqichidan o‘ta olmagan loyihalarni yana bir bor ko‘rib chiqish va ularga yechim topish imkonini beradi.
Bunday uchrashuvlar deputat va saylovchi o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash bilan birga, xalqning taklif va tashabbuslarini aniq manzilga yo‘naltirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, fuqarolar tomonidan bildirilayotgan har bir tashabbusga e’tibor bilan yondashish, uning ijtimoiy ahamiyatini o‘rganish va amaliy yechim topish xalq vakili faoliyatining ustuvor vazifalaridan biridir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri