Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni
Samarqand shahrida “Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi o‘tkazilmoqda.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda AQSH, Kanada, Belgiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Shvetsiya, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlaridagi aql markazlaridan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, shuningdek, mamlakatimizdagi jamoat tuzilmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va OAV vakillaridan iborat 200 nafarga yaqin mutaxassis ishtirok etmoqda.

Forumning yalpi majlisida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori Azamat Pardayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahl, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, mazkur anjumanning maqsad va vazifalariga e’tibor qaratdi.

9 ta alohida sessiyaga bo‘lingan holda davom etadigan asosiy tadbirlarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini qiyosiy o‘rganish, demokratik taraqqiyotning umumiy tendensiyalarini aniqlash, mavjud masalalarni tahlil qilish va istiqbolli vazifalarni belgilash ko‘zda tutilgan.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA