Davlatimiz rahbari “Eldridge Industries” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni “Eldridge Industries” kompaniyasi hammuassisi, raisi va bosh ijrochi direktori Todd Boelini qabul qildi.
Uchrashuvda AQSHning mazkur yetakchi korporatsiyasi bilan yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimiz yetakchisi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Xususan, tog‘-kon sanoati, metallurgiya, qurilish sohalaridagi sheriklikni kengaytirish hamda shahar infratuzilmasiga raqamli yechimlarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Muzokaralar yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

“Eldridge Industries” aktivlarni boshqarish, sug‘urta, ko‘chmas mulk, infratuzilma, texnologiyalar, sport va media sohalarida faoliyat yurituvchi AQSHning investitsiyaviy xoldingidir. Boshqaruvida qiymati 75 milliard dollardan ziyod aktivlar mavjud.