“O‘zbekistonning maqsadlari va strategiyasi bilan tanishish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi” – Husayn Al-Novays
Investor fikri
Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishi va aholi sonining o‘sishi natijasida yuzaga kelayotgan talabdan kelib chiqib, yurtimiz energetika tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tkazilgan Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi. Uchrashuvda “AMEA Power” kompaniyasi raisi Husayn Al-Novays ham ishtirok etdi.
Bugungi kunda Birlashgan Arab Amirliklari bilan strategik sheriklik aloqalari jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 40 foizga o‘sdi. Ayni paytda yirik investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilmoqda.
Ayniqsa, “yashil” energetika, zamonaviy infratuzilma, sanoat kooperatsiyasi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar ko‘lami sezilarli darajada kengaydi.

– Kompaniyamiz Yaqin Sharq, Afrika va Markaziy Osiyo mamlakatlarida istiqbolli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda, – dedi “AMEA Power” kompaniyasi raisi Husayn Al-Novays. – Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi, Buxoroda esa energiyani jamlash (akkumulyator) tizimlarini barpo etish ustida ishlayapmiz. Biz O‘zbekistonga yanada ko‘proq sarmoya kiritish istagidamiz. Bu yerda investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan va bunday qulay muhit Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona rahbarligi hamda kuchli siyosiy irodasi samarasidir. Shu bois mamlakatingizdagi investitsiyalarimiz ko‘lamini yanada kengaytirishga intilyapmiz.
Muhtaram Prezidentning shaxsan biz, sarmoyadorlar bilan uchrashib, Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi investorlar kengashining ilk yig‘ilishi doirasida ochiq muloqot qilgani juda muhim voqea bo‘ldi. Ushbu kengash va o‘tkazilgan konferensiya O‘zbekistonning strategik maqsadlari bilan yaqindan tanishish uchun yuqori darajadagi platforma bo‘lib xizmat qildi.
Bu yerda O‘zbekistonning kelajagiga ishonadigan va biz bilan hamfikr bo‘lgan investorlar hamda mutaxassislar bilan uchrashganimizdan mamnunmiz.
VIDEOSI QUYIDA:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELIBOEV (video),
O‘zA