“Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun”
Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazida “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasi bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tuman-shaharlar hokimi o‘rinbosarlari, ijtimoiy sohada mehnat qilayotgan xodimlar, yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda aholi o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, kitob mutolaasiga qiziqtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat fuqarolik xizmatchilari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishda Farg‘ona tajribasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning doirasida ko‘plab tadbirlar tashkil etilyapti. Viloyat hokimining “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasini tashkil etish va o‘tkazishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yana bir tashabbusga qo‘l urilib, mazkur loyiha tashkil etildi.
– Loyihani o‘tkazishdan asosiy maqsad davlat xizmatchilari o‘rtasida kasbiy malaka va ko‘nikmalarni doimiy ravishda rivojlantirib borish, kitobxonlikka jalb qilish, ularning orasida mutolaa madaniyatini oshirish hamda axborot-kutubxona muassasalari bilan hamkorligini mustahkamlashdan iborat, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Farg‘ona filiali rahbari Ahadjon Akbarov. – Bugungi kunda viloyatimizda 7 mingdan ziyod davlat xizmatchilari bor. Albatta, ular o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish juda muhim. O‘tgan yilda “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovi o‘tkazildi, davlat organlarida mo‘’jaz kutubxonalar tashkil etildi.

“Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasi doirasida dastlab davlat xizmatchilari kutubxonaga a’zo bo‘ldi. Kitob targ‘ibotining interfaol shakllari namoyish etildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Polvonov va boshqalar kitob mutolaasi, kitobxonlik har bir davlat xizmatchisi uchun muhim mezon bo‘lishini qayd etib, o‘zlarining kitob haqida fikr-mulohazalarini bildirdi. Samimiy muloqotda Farg‘onada kitobxonlikni yanada ommalashtirish bo‘yicha takliflar aytib o‘tildi.
Davlat xizmatchilarining bilim ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida “Zakovatli xodim” intellektual viktorina o‘yini o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi. Ishtirokchilar mantiqiy va tezkor savollarga tez, aniq javob berishdi.
Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi, “Muvaffaqiyatlar maktabi” mahorat darsi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani asosida yaratilgan film davlat xizmatchilariga manzur bo‘ldi.
Viloyatdagi davlat xizmatchilarini kitobxonlik, mutolaa madaniyatini oshirish va faol kitobxonlarning safini yanada kengaytirish sohasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkilotlar bilan viloyat axborot-kutubxona markazi o‘rtasida memorandum imzolandi. Ishtirokchilarning kutubxona bo‘ylab sayohatlari tashkil etildi.
M.Sulaymonov, O‘zA