Davlat xaridlarida raqobat talablari nega buzilmoqda?
Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari jarayonlarini o‘rganish davomida bir qator buyurtmachi tashkilotlarda raqobat talablari buzilganini aniqladi.
Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan monitoring va fuqarolar murojaatlari tahlili natijasida bir nechta hududda davlat xaridlarini tashkil etish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, Andijon viloyatida — Oltinko‘l tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasining 300 million so‘mlik xaridlari, Farg‘ona viloyatida — «Farg‘ona tuman yo‘llardan foydalanish» davlat muassasasining 7 ta, umumiy qiymati 2,5 milliard so‘mdan ortiq xaridi, Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi 2-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 2 ta, qiymati 1,4 milliard so‘mdan ziyod xaridi, Namangandagi Chust tuman tibbiyot birlashmasining qariyb 1,8 milliard so‘mlik xaridlari, Navoiy viloyati Xatirchi davlat o‘rmon xo‘jaligining 7 ta, umumiy qiymati 1,7 milliard so‘mga yaqin xaridi hamda Samarqand viloyatidagi — «O‘zyo‘lko‘prik klasteri» Samarqand filialining 1,7 milliard so‘mlik hamda «Ozodlik» davlat muassasasining 410 million so‘mlik xaridlari.
O‘rganishlar davomida eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 29-moddasi talablariga rioya etilmagani aniqlangan. Xususan, ayrim xarid jarayonlarida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarga yo‘l qo‘yilgan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari maxsus komissiyalari tomonidan tegishli buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, qonunchilikda belgilangan tartibda ta’sir choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish, zarur hollarda moliyaviy jarimalar qo‘llash va holatlarga huquqiy baho berish uchun tegishli organlarga materiallarni yuborish choralari ko‘rildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA