Davlat ijtimoiy buyurtmasi uchun 25 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlat ijtimoiy buyurtmalarini amalga oshirish uchun fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish masalalari hamda nodavlat notijorat tashkilotlaridan kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etilgan bo‘lib, bu sohadagi islohotlar ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Yig‘ilishda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan kelib tushgan davlat ijtimoiy buyurtmalar muhokama qilinib, aholining turmush sharoitini yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, bandlikni ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamiyatda hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan 29 davlat ijtimoiy buyurtmasi saralab olindi.
Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun 25 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan hamda tanlovlar yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
Davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tanlovlarining barcha jarayonlari ngo.gov.uz elektron platformasi orqali amalga oshirilayotgani, mazkur tizim ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bilan birga fuqarolik jamiyati institutlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratayotgani qayd etildi.
N.Abdurimova, O‘zA