Davlat fuqarolik xizmati yangi yondashuvlar asosida rivojlantiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida rivojlantirish, inson resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda HR sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish maqsadida o‘tkazilgan seminarda davlat organlari hamda tashkilotlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari, mehnat huquqi sohasi ekspertlari, Oliy sud vakillari hamda boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘quv-seminarning birinchi qismida davlat organlarida HR sohasida uchrayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xususan, davlat xizmatiga tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish amaliyoti, vakant lavozimlarga malaka talablarini belgilash, Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va HR reytingini yuritish masalalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi hamda ishtirokchilarning takliflari tinglandi.
Davlat fuqarolik xizmatini raqamlashtirish yo‘nalishida hrm.gov.uz platformasini yanada takomillashtirish, tanlov jarayonlarini avtomatlashtirish, malaka talablariga muvofiqlikni raqamli baholash hamda suhbat bosqichida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Seminarning ikkinchi qismi mehnat munosabatlariga bag‘ishlandi. Unda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun normalarini amaliyotda qo‘llash, davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish, xizmat munosabatlarini rasmiylashtirish, mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilish, intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash hamda mehnat nizolari bo‘yicha amaliy keyslar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir doirasida Oliy sud bilan hamkorlikda ochiq muloqot tashkil etildi. Unda davlat fuqarolik xizmatiga oid mehnat nizolari bo‘yicha sud amaliyoti tahlil qilinib, davlat organlarida mehnat munosabatlari sohasida uchrayotgan huquqiy muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Seminar taqdimot, amaliy muhokama, keys-tahlil va savol-javob formatlarida o‘tkazildi. Bu orqali ishtirokchilar sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirish, o‘zaro tajriba almashish hamda mutaxassislardan amaliy tavsiyalar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mazkur o‘quv-seminar davlat organlarida inson resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, HR sohasida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, raqamli yechimlardan samarali foydalanish hamda professional davlat xizmatchilari korpusini shakllantirishga qaratilgan amaliy muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/30759]
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA