Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Kichik tadbirkorlar uchun eng katta masalalardan biri – garov ta’minoti. Shu bois, biznesning haqiqiy qiymatini baholab kredit berish imkonini yaratadigan “kontr-kafolat” tizimi joriy etiladi.
10 milliard so‘mgacha kreditda garovning 30 foizini davlat, 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi, 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
“Virtual soliq maslahatchisi” orqali tadbirkorga xarajat va xatolarni kamaytirishga yordam beradigan sun’iy intellekt portali ishga tushirildi. Kelasi yildan bunday “sun’iy intellekt yordamchilari” qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlarida ham joriy etiladi.
Ikkinchi yo‘nalish – hududlarda “biznes imkoniyatlari”ni oshirish. Davlatimiz rahbari minglab gektar bo‘sh yer va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlari faqat loyihaga aylanib, ish o‘rni va eksportga xizmat qilganda haqiqiy qiymat yaratishini ta’kidladi.
Davlat aktivini sotib olishda avans 30 foizdan 15 foizga tushiriladi, olti oyda to‘liq to‘lov qilganlarga 25 foiz chegirma beriladi. Summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolganini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi.
Uch oyda sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha kamaytiriladi. Auksion muddati ham ikki barobar qisqartiriladi.
O‘zA