“Adabiyotlarda – millatlar do‘stligi” nomli ma’rifiy kecha o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida “Adabiyotlarda – millatlar do‘stligi” adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Tadbir 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan respublika miqyosida bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida tashkil etildi.
Kechada O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat shoir va yozuvchilari, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zolari bo‘lmish qardosh mamlakatlardagi vatandosh ijodkorlar, adabiyot muxlislari, turli milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.
Uyushma binosida Uyushmaning xalqaro miqyosdagi faoliyatini aks ettiruvchi “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” mavzusida fotosuratlar va Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining turli tillarda chop etilgan kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining erkin ijod qilishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgani e’tirof etildi.
Kecha davomida turli tillarda ijod qiluvchi qator o‘zbekistonlik ijodkorlar, shuningdek, o‘zbek tilida ijod qilayotgan qo‘shni mamlakatlar yozuvchilari, o‘zbek adabiyoti tarjimonlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga va faxriy a’zoligiga qabul qilindi.
[gallery-30625]
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Asadulloh Ismoilzodaning “Xayol varragi” she’riy to‘plami, Galina Dolgayaning “Vse, chto sudboy predresheno” (“Bari taqdirda bor”) hujjatli qissasi, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasining qozog‘istonlik faxriy a’zolari tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan Qosimxon Begmanovning “Ulug‘dala sabosi”, Mereke Qulkenovning “Shodlik” nazmiy va nasriy kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston adabiyoti azaldan ko‘p millatli noyob adabiyotlardan biri. Uning rivojlanishida To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg, Yavdat Ilyosov, Mixail Gar, Jonibek Quvnoq, Mehmonqul Islomqulov, Raim Farhodiy, Boris Pak kabi shoir va yozuvchilarning hissasi katta. Bugungi kunda faol ijod bilan shug‘ullanayotgan Qaldibek Seydanov, Nikolay Ilin, Galina Dolgaya, Paymon, Lola Yunus qizi, Abdullo Subhon, Asadulloh Ismoilzoda, Oysuluv Axan qizi kabi qozoq, rus va tojik tillarida asarlar yaratayotgan ijodkorlarimiz chin ma’noda O‘zbekiston adabiyotining munosib vakillariga aylanishgan. Ular ortidan yangi avlod vakillari yetishib chiqayotir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar adabiyotning milliy va bag‘rikenglikdek qadriyatlarni singdirishdagi ahamiyati, O‘zbekistonda turli millat va elat vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning milliy qadriyatlari, tili va madaniyatini asrab-avaylashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi. Tadbir turli tillarda yangragan she’rlardan iborat mushoira bilan tugadi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA