Dani Alves: «Gvardiola menga o‘z vazifangni mukammal bajarishni o‘rgatdi»
«Bu yigit biroz telbaga o‘xshaydi», derdi.
«Barselona»ning sobiq himoyachisi Dani Alves jamoaning sobiq bosh murabbiyi Xosep Gvardiola bilan ishlagan davrda undan olgan eng muhim saboqlaridan biri haqida gapirdi.
"Bir voqeani aytib beraman. Odatda futbolchilar yakshanba kuni o‘yin o‘tkazsa, dushanba kuni mashg‘ulot qilmaydi. Ular dam oladi, massaj va tiklanish muolajalaridan o‘tadi. Men esa mashg‘ulot qilardim, chunki bu men uchun dam olishning o‘zi edi. Pep: «Bu yigit biroz telbaga o‘xshaydi», derdi, lekin bunga qarshi chiqmasdi. Men esa: «Yakshanba kuni deyarli hech narsa qilmadim, demak, dushanba kuni hech bo‘lmasa nimadir qilishim kerak», deb o‘ylardim va o‘ynamagan futbolchilar bilan birga mashq qilardim.
— Pep bizga shuni o‘rgatdi: o‘z vazifangni mukammal bajarishingning o‘zi kifoya. Boshqaning ishini bajarishga urinma", — dedi Alves Mundo Deportivo nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Dani Alves 2008–2016-yillar hamda 2021-yil noyabridan 2022-yil iyunigacha «Barselona» safida to‘p surgan.
Xosep Gvardiola esa kataloniyaliklar bosh murabbiyi sifatida 2008–2012-yillar oralig‘ida faoliyat yuritib, klub bilan 14 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.