“Daladan dasturxongacha” yagona tizimi joriy etiladi va barcha jarayonlarda xavfsizlik nazoratga olinadi
Bugungi kunda aholi soni ortib, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab yil sayin o‘sib bormoqda. Bu esa xavfsiz va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda iste’molchilar manfaatlarini ishonchli himoya qilishni dolzarb vazifaga aylantirmoqda.
Shu bois, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Bu Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida qayd etildi.
“Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokamasi jarayonida mazkur hujjat Prezidentimiz ilgari surgan “daladan dasturxongacha” tamoyilini huquqiy jihatdan mustahkamlashi qayd etildi.
Qonunga ko‘ra, mahsulotni yetishtirishning barcha jarayonlarida xavfsizligiga e’tibor qaratiladi, buning ustidan samarali nazorat o‘rnatiladi. Shuningdek, sanitariya, veterinariya va karantin sohalaridagi laboratoriyalar faoliyati yagona tizim asosida tashkil etiladi hamda ular raqamlashtiriladi.

Qonunda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, mas’ul davlat organlarining vakolatlari hamda ularning o‘zaro hamkorlik mexanizmlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, tamg‘alash, saqlash, tashish, realizatsiya qilish hamda ularning kuzatib borilishini ta’minlash bo‘yicha yagona talablar joriy etilmoqda. Shuningdek, xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan xavflar tahlili va kritik nazorat nuqtalari tizimini tatbiq etish orqali mahsulotlar xavfsizligi ustidan nazorat yanada kuchaytiriladi.
Senatorlarning fikricha, mazkur qonun aholini xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish, oziq-ovqat bilan bog‘liq kasalliklarning oldini olish, ishlab chiqaruvchilar uchun aniq va shaffof qoidalarni joriy etish hamda mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA