Bozor nazorati — xavfsiz mahsulot va adolatli raqobat kafolati
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, an’anaviy nazorat xarididan zamonaviy bozor nazorati mexanizmiga o‘tish jarayonlari hamda joriy yilning yanvar–may oylaridagi faoliyat yakunlari sarhisob qilindi. Anjumanda so‘zga chiqqan inspeksiya rahbariyati mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
Xususan utgan davr mobaynida inspeksiya tomonidan 222 ta korxonada davlat nazorati tadbirlari o‘tkazilgan. Tekshiruvlar davomida 252 turdagi mahsulot o‘rganilib, ularning 214 tasi yoki qariyb 85 foizi belgilangan texnik reglament va standartlar talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Muttasadilar nomuvofiq deb topilgan mahsulotlarning umumiy qiymati 4,3 milliard so‘mdan oshganini bildirdi. Shuningdek, anjumanda 48 ta holatda umumiy qiymati 12,5 milliard so‘mlik mahsulotlar sertifikatlashtirish talablari buzilgan holda sotilgani, 20 turdagi mahsulot esa sifat ko‘rsatkichlariga umuman javob bermasligi aniqlangani alohida ta’kidlandi.
Inspeksiya vakillari mahsulot sifati bilan bir qatorda metrologik talablarga ham to‘xtalib o‘tdi. Tekshirilgan 8 258 ta o‘lchash vositasining 6 635 tasi belgilangan tartibda qiyoslanmagani ma’lum bo‘lgan. Bu esa mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarida o‘lchash aniqligi ta’minlanmaganidan dalolat beradi.
Shuningdek, qonunbuzilishlarning asosiy qismi qurilish materiallari, kimyo sanoati, elektrotexnika, yengil sanoat, metallurgiya, mashinasozlik hamda qozon uskunalari ishlab chiqarish sohalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, hududlar kesimida Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Surxondaryoda nomuvofiq mahsulotlar ulushi yuqori ekani qayd etildi.
30286
Tadbirda qonunbuzarlarga nisbatan ko‘rilgan choralar ham ochiqlandi. Mas’ullarning so‘zlariga ko‘ra, 223 nafar rahbar va xodimga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ularning 206 nafariga 172,5 million so‘m jarima qo‘llanilib, hozirgacha 84,6 million so‘mi undirilgan, qolgan holatlar bo‘yicha esa sud jarayonlari davom etmoqda. Shu bilan birga, 61 ta korxonaga nisbatan qariyb 8 milliard so‘mlik moliyaviy jarima hujjatlari tayyorlangan.
Inspeksiya rahbariyati 47 ta korxonaga 6,6 milliard so‘mlik ixtiyoriy to‘lov talabnomalari yuborilgani, 15 ta korxonaga nisbatan esa 1,4 milliard so‘mlik da’vo arizalari sudlarga kiritilganini ta’kidladi.
Profilaktika ishlari haqida gapirganda, yil boshidan buyon 7 954 ta tadbirkorlik sub’ektiga ogohlantirish xatlari yuborilgani aytib o‘tildi. Iste’mol bozorini himoya qilish maqsadida 90 ta nazorat xaridi amalga oshirilib, 163 ta mahsulot namunasi laboratoriyalarda sinovdan o‘tkazilgan. Dastlabki natijalarga ko‘ra, 61 ta mahsulot xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlangan, 73 tasi esa muvofiq deb topilgan. Qolgan 29 ta mahsulot bo‘yicha sinovlar hali ham davom etmoqda.
Kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar ushbu mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishni cheklash yuzasidan Bojxona qo‘mitasi va muvofiqlikni baholash organlariga rasmiy ogohlantirishlar yuborilgani ta’kidlandi.
Anjumanda sertifikatlashtirish tizimi va laboratoriyalar faoliyati haqida ham tuxtalib utildi. 51 ta sertifikatlashtirish idorasi tomonidan berilgan 500 ta hujjat o‘rganilganda, ularning 485 tasida kamchiliklar topilgan va tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, laboratoriyalarning texnik imkoniyatlarini tekshirish davomida 194 ta maskan o‘rganilib, ulardan 183 tasining malakasi tasdiqlangan, talabga javob bermagan 13 ta laboratoriyaga esa rad javobi berilgan.
Tadbir yakunida inspeksiya rasmiylari kelgusi rejalar bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida nazorat yanada kuchaytirilishi, 6 450 ta profilaktika tadbiri, 135 ta nazorat xaridi o‘tkazilishi va xavf tahlili asosida tadbirkorlarga 6 300 ta ogohlantirish xati yuborilishi ko‘zda tutilgani ta’kidlandi. Ochiq muloqot ruhidagi anjuman sungida jurnalistlar o‘zlari qiziqtirgan savolarga javob olishdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/dcxh97CZ3Wo?si=zkT_mTxXinQP7nEP" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Hamroz Bayonov, O‘zA