CNN asoschisi olamdan o‘tdi
Axborot tarqatish sohasida inqilob qilgan inson, CNN asoschisi Ted Tyorner vafot etdi. Taniqli arbob, xayriyachi sifatida e’tirof etiladigan bu inson 87 yoshda edi.
Robert Edvard Tyorner 1938 yil 19 noyabr kuni Sinsinnatida tug‘ilgan. 1980 yil 24 soat ishlaydigan ilk simli yangiliklar kanaliga aylangan CNN telekompaniyasiga asos solgan.
CNN voqealarni asl vaqt tartibida jonli yoritish orqali an’anaviy xabar yetkazish tizimida inqilob amalga oshirdi. Kanal voqea joyidan bergan reportajlar orasida AQSH Prezidenti Ronald Reyganga suiqasd urinishi, Chellenjer koinot kemasi yo‘q qilinishi, 1991 yildagi “Cho‘l bo‘roni” amaliyoti kabi olamshumul hodisalar bor.

1991 yil “Time” jurnali Tyornerni dunyo voqealari rivojiga ta’siri uchun “Yil odami” deb e’lon qilgan.
Shuningdek, u “Yaxshi niyat o‘yinlari” tashabbuskori va asosiy homiysi sifatida ham tanilgan. Yadro qurolini bekor qilish uchun faol kurashgan.
1996 yil CNN va “Turner Broadcasting System” tuzilmasining boshqa kanallarini “Time Warner” sotib oldi. Tyorner yangi joyda yuqori boshqaruv lavozimini egalladi. 2001 yil kompaniyaga AOL qo‘shilgach, u amalda boshqaruvdan chetlashtirilsa-da, birlashgan kompaniya vitse-prezidenti lavozimini saqlab qoldi.

2003 yil Tyorner vitse-prezidentlikdan ham iste’fo berib, faqat direktorlar kengashi a’zosi bo‘lib qoldi. 2006 yil kengashni ham tark etdi. Keyinchalik atrof-muhitni muhofaza qilish, yadroviy qurolsizlanish va tug‘ilishni nazorat qilish loyihalariga e’tibor qaratdi.
Ulkan yer egasi sanalgan Ted Tyorner Qo‘shma Shtatlardagi uchinchi eng yirik zamindor shaxs hisoblanadi. Uning 1,2 million gektardan ortiq yeri bor. “Forbes” jurnali ma’lumotiga ko‘ra, sof boyligi 2,8 milliard dollarga baholanmoqda.
S.Rahimov, O‘zA