Chuchuk suvlarning 70 foizi qishloq xo‘jaligiga sarflanmoqda (+video)
Bugun suv tanqisligi muammosi har qachongidanda jadal tus olib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo suv tanqisligi bo‘yicha eng ko‘p jabr ko‘rayotgan hududlardan biri hisoblanadi. 2040-yilga borib Markaziy Osiyoda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobar ortishi, ayni paytda suv zaxiralari esa 25-30 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda. Bu mintaqadagi transchegaraviy daryolar (Amudaryo va Sirdaryo) oqimining keskin kamayishiga va jiddiy iqtisodiy inqirozga olib keladi.
Dunyo bo‘yicha ishlatiladigan suvning eng katta qismi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri keladi. Biroq, suvdan foydalanish madaniyati va sug‘orish tizimlarining eskirgani sababli suvning juda katta qismi behuda isrof bo‘ladi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvning qariyb 35-40 foiz qismi dalalarga yetib borguncha eskirgan sug‘orish kanallaridagi sizishlar va bug‘lanish tufayli isrof bo‘ladi. Zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyalariga o‘tish esa suv sarfini 50 foizgacha tejash imkonini beradi. Uy xo‘jaligi darajasida esa tish yuvayotganda jo‘mrakni yopib qo‘yish orqali har bir inson yiliga o‘rtacha 8 000 litrgacha toza suvni tejab qolishi mumkin.
Shuningdek, aholi salomatligida ichimlik suvining sifati muhim. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har kuni 1000 dan ortiq besh yoshgacha bo‘lgan bolalar xavfsiz bo‘lmagan suv, yomon sanitariya va gigiyena sharoitlari keltirib chiqaradigan ichak kasalliklari (diareya) oqibatida vafot etar ekan.
O‘zA va Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan «Maqsad» loyihasining bu galgi sonida suv resurslarining kamayishi, suvni tejash madaniyati, aholi salomatligida ichimlik suvining sifati kabi masalalar haqida so‘z bordi.
Bu borada O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bosh mutaxassisi, tarix fanlari doktori Otabek Alimardonov bilan suhbatlashdik.
Suhbat davomida suvni tejash madaniyatini shakllantirish uchun qanday choralar ko‘rish lozimligi, qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish uchun qanday texnologiyalar zarurligi, sifatsiz ichimlik suvi inson salomatligiga qanchalik xavf tug‘dirishi hamda aholini xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlashda ko‘rilishi kerak bo‘lgan choralar haqida so‘z bordi.
Batafsil quyidagi videohavolada.
Muhtarama Komilova,
Nishon Abduvoitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA