Bo‘sh ish o‘rinlari va kasb-hunarga o‘qitish yarmarkasi o‘tkazildi
Bugungi kunda mamlakatimizda aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash chora-tadbirlari kuchaytirilmoqda. Buning uchun aniq tizim ishlab chiqilib, mas’ul idoralar ham belgilangan.
Shu maqsadda, Yashnobod tumani hokimligi hamda tumanga biriktirilgan “Mikrokreditbank” ATB Toshkent shahar boshqarmasi hamkorligida “BUILDEX TRAINING CENTER TASHKENT” MCHJda bo‘sh ish o‘rinlari va qayta tayyorlov asosida kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha yarmarka tashkil etildi.
Yarmarkada 10 ta yirik korxona va tashkilot tomonidan 600 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Shuningdek, fuqarolarga kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 2 ta kasb-hunar o‘quv markazi jalb qilindi.
Tadbirda 150 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Yarmarka yakunlariga ko‘ra, 4 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. 23 nafar fuqaro korxonalarga suhbatga yo‘naltirildi. 4 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. 21 nafar fuqaro ishga kirish uchun anketa to‘ldirdi. 2 nafar fuqaroga kasb-hunar o‘rganish uchun vaucher berildi.
Bundan tashqari, 15 nafar fuqaroga mehnat munosabatlari va ishga joylashish masalalari bo‘yicha huquqiy maslahat hamda zarur tushuntirishlar berildi.
Qayd etish lozimki, bunday yarmarkalar aholining bandligini ta’minlash, fuqarolarni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish hamda zamonaviy kasblarga o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA