Cho‘lpon hayoti haqida film
Ulug‘ shoir, ma’rifatpar inson Abdulhamid Cho‘lpon hayot yo‘li haqida ko‘p ma’lumotlar ochiqlanmagan.
Sanoqli insonlargina adibning asl tarixini o‘rgangan. Ammo ularni oshkor etishga minbar topa olmagan. Kitob holida chop etishga esa ancha yillar ruxsat bo‘lmagan.
Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Kino uyida taqdimoti o‘tkazilgan Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Media Illusion” studiyasi tomonidan suratga olingan Cho‘lpon hayoti va ijodi haqidagi «Qush esdaligi» hujjatli filmida Cho‘lpon hayot yo‘lidagi bor haqiqatlar ochib berilgan.
Kartina Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamkorligida suratga olingan bo‘lib, muassasa tomonidan poytaxtimizdagi muhtasham Adiblar xiyobonidagi Cho‘lpon haykali poyida muntazam tadbirlar o‘tkaziladi. Akademiyada Cho‘lpon ijodini o‘rganishga bel bog‘lagan talabalar soni ham ko‘p. Taqdimot oldidan akademiyaning faol kursantlari ishtirokida sahna chiqishlar namoyish etildi. Adabiyotshunos olimlar Cho‘lpon hayotiga oid ma’ruzalar qilishdi.
– Cho‘pon hayot yo‘li shunchalar rang-barangki, u haqda turli janrlarda filmlar ishlangan, –deydi akademik Naim Karimov.– Ma’lum muddat u haqdagi haqiqatlar oshkor etilmadi. Yaqingacha ham bunga ruxsat yo‘q edi. Cho‘lpon hayot yo‘li va ijodi aks etgan hujjatli filmda ayrim haqiqatlar oshkor etilganidan xursand bo‘ldim. Kartinada arxiv hujjatlardan foydalanilgan. Aktyorlar ham rollarni sidqidildan ijro etgan. Kadrlarda o‘sha davr muhiti, madaniyati va bosqinchilik tuzumi vaqtida hayot kechiradigan insonlar qismati ham ochib berilgan.
Kinokartina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 20 may kuni Toshkent shahridagi Adiblar xiyoboniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida yaratilgan. Ushbu kartina O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab suratga olingan.
Kartina ssenariysini Erkin Bozorov yozgan. Rejissyor va prodyuser Husan Rashidov.


D. Mamatova, O‘zA