Chiqindini xomashyoga aylantirish mumkin
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bir yilda 14-14,5 million tonna maishiy chiqindilar hosil bo‘ladi. Agar aholining o‘rtacha 1,5 foizga ko‘payish sur’ati hisobga olinsa, ushbu ko‘rsatkich 2028 yilga kelib 16-16,7 million tonnaga yetishi, sanoat chiqindilari esa 100 million tonnadan oshishi taxmin qilinmoqda.
Xo‘sh, Farg‘ona viloyatida chiqindini qayta ishlash, uni yo‘qotish yoki undan ikkilamchi mahsulot ishlab chiqarish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu haqida “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi mutaxassisi Sohibjon Dadaxo‘jayev bilan suhbatlashdik.

–O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 yanvardagi “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni soha faoliyatini samarali tashkil etish hamda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish mexanizmini yaratib berdi, – deydi Sohibjon Dadaxo‘jayev. – Mazkur farmon doirasida hududlarni sanitar tozalash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, maishiy chiqindilarni to‘plash va hududlardan olib chiqish sohasiga tadbirkorlik sub’ektlarini faol jalb qilish, aholining maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar sifatidan to‘liq qoniqishini ta’minlash, ushbu xizmatlar darajasini xalqaro standartlarga yetkazish va tadbirkorlar uchun jozibadorligini ta’minlash, hosil bo‘layotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish, chiqindilarning poligonlarda to‘planishining oldini olish, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta’sirni minimallashtirish, aylanma (sirkulyar) iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsad qilingan.

Farmon asosida 2024-2026 yillarda respublika hududida qattiq maishiy chiqindilar bilan ishlarni amalga oshirish manzilli dasturi ishlab chiqildi. O‘tgan 2024 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlarining jami 81,2 gektar yer maydonidagi 29 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib, sanitariya talablari asosida tuproq qatlami bilan yopildi.
Manzilli dasturga asosan Farg‘ona viloyatida o‘tgan 2024 yilda 2 ta poligon rekultivatsiya qilinib, tuproq bilan yopish ishlari “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan to‘liq va sifatli amalga oshirildi. Joriy yilda 5 ta shunday poligon rekultivatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, 2026 yilda Farg‘ona tumanida joylashgan Farg‘ona shahri poligoni yer maydonida zamonaviy talablar asosida namunaviy poligon tashkil etish rejalashtirilgan.

Chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik me’yorlarga mos emasligi yer maydonlarining zaharlanishi va genofondi buzilishi, yong‘in xavfi, atmosferaga issiqxona gazlari chiqishi ortib borishiga sabab bo‘ladi. Bu kabi salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida 2019 - 2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi ishlab chiqildi.
Shuningdek, zamonaviy talablarga javob beruvchi chiqindi poligonlari tashkil etish maqsadidan kelib chiqib, 2025 yil 24 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish hamda kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlari bilan bog‘liq vaziyatni tubdan yaxshilash, ularni 2030 yilgacha 50 foizga qisqartirish; yangidan hosil bo‘layotgan chiqindilarni poligonlarga yo‘naltirmasdan, maksimal darajada qayta ishlash yoki kuydirish, sohaga sirkulyar iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish; “nol chiqindi” tizimi doirasida tamoyili asosida maishiy chiqindilarni shaharlardan olib chiqish va qayta ishlash, ulardan ekologik toza energiya va boshqa mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zonalarni tashkil etish kabi asosiy yo‘nalishlar farmonda o‘z aksini topgan.
Joriy yilda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ham Prezident qarorlari qabul qilinganini qayd etish lozim. Muhim hujjatlarga ko‘ra, hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni qayta ishlash sohasiga zamonaviy yechimlar va texnologiyalarni joriy etish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladi hamda sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etiladi.
Elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish to‘g‘risidagi bitimlarga muvofiq, loyiha kompaniyalari ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “O‘zenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotishi belgilangan. Jumladan, investor va loyiha kompaniyalari 2025–2027 yillarda turli xil miqdorlardagi ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalarni ishga tushirishni ta’minlashi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu loyiha diorasida Farg‘ona viloyatida 1,5 ming tonna chiqindilarni termik usulda qayta ishlash orqali 227,5 million kVt elektr energiyasi qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Bu islohotlarni amalga oshirilishi kelgusida aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, mamlakatimizda yashil tabiatni asrash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Yashil makon” umumilliy dasturi asosida yurtimizning har bir hududida yoshu katta daraxt ekishga, tabiatga, atrof-muhitga, ekologiyaga naf keltirmoqda.
Respublika bo‘ylab 112 ta chiqindi poligoni atrofiga 170 mingga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, "yashil belbog‘"lar tashkil etildi. Xususan, “Chiqindi poligonlarni boshqarish direksiyasi” DM Farg‘ona viloyat boshqarmasi ham ushbu dastur bo‘yicha viloyatdagi barcha mavjud chiqindi poligonlari hududida terak va tut ko‘chatlaridan iborat 24 ming tup daraxt ekib, "Yashil makon” umummilliy dasturiga o‘z hissasini qo‘shdi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi bu kabi chora-tadbirlar yurtimizda ekologik tozalik va yashillikni oshirishiga shak-shubha yo‘q.
Muhammadjon Obidov, O‘zA