Chiqindidan elektr ishlab chiqarish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda
Bugungi ekologik vaziyatda atrof-muhitni muhofaza qilish, ayniqsa, chiqindilarni boshqarish sohasiga zamonaviy yechimlarni joriy qilish dolzarb ahamiyatga ega.
Bu borada yurtimizda 2019-2025-yillar davomida 54 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib, 262,8 gektar yer maydoni tabiatga qaytarilgan. Respublikadagi 8 ming 992 ta mahallaning 8 ming 42 tasi sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olingan.
Respublikadagi jami chiqindi yig‘ish maydonchalari soni 4 ming 376 taga, konteynerlar esa 39 ming 401 taga yetkazilib, qo‘shimcha 600 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.
Bu haqda parlament quyi palatasi majlisida aytib o‘tildi. Unda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sh.Hasanovning “Chiqindilarni boshqarish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hamda ushbu sohada ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi.
Agentlik direktori javobida keltirilganidek, sanitar tozalash korxonalarining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida ular tasarrufidagi maxsus texnikalar soni 4 ming 606 taga yetkazilgan.
Chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 933 million dollar bo‘lgan 6 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirga qadar 461,3 mln dollar o‘zlashtirildi. 2027-yilning birinchi yarim yilligida mazkur zavodlar to‘liq ishga tushgach, yiliga 3,6 mln tonna chiqindi termik qayta ishlanib, 1,6 mlrd kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada 400 mln kub metr tabiiy gaz tejaladi, issiqxona gazlari chiqindisi 800 ming tonnaga qisqaradi, 1000 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.
Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, 9 ming 61 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi, 75 ming 569 ta ko‘cha, 227 ta chiqindi poligoni, 3,5 mingdan ortiq chiqindi yig‘ish maydonchasining geohududi shakllantirildi. Maxsus chiqindi tashuvchi texnikaning 3 ming 918 tasi GPS-monitoring tizimiga, 1 ming 483 ta chiqindi yig‘ish shoxobchasi videokuzatuv tizimiga ulangan.
Majlisda amalga oshirilayotgan tadbirlar Strategiyada belgilangan strategik maqsadlarga erishish uchun yetarli emasligi qayd etilib, bir qator taklif-tavsiyalar bildirildi. Xususan, Agentlik tomonidan sanitar tozalash korxonalari xizmatlari sifatini oshirish, chiqindilarni saralash, qayta ishlash natijasida energiya resurslarini, xomashyoni va materiallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yanada jadallashtirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi. Atrof-muhitni muhofoza qilish, hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash masalalarida deputatlik va parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA