Chet elda ishlayotgan malakali o‘zbek shifokorlarini vatanga qaytarish bo‘yicha yangi tizim boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi davom etmoqda.
Xorijiy klinikalarda tajriba to‘plagan vatandosh shifokorlar mamlakatimiz shifoxonalariga jalb etiladi.
– Biz ularni o‘zimizdagi shifoxonalarga olib kelib, Yangi O‘zbekiston tibbiyotida o‘z maktabini yaratishiga xizmat qiladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yamiz, – dedi Prezidentimiz.
Bunday mutaxassislarning oylik ish haqiga 50 million so‘mgacha ustama to‘lanadi. Ish joylari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi.
Ularga atrofida kuchli jamoa shakllantirish, birga ishlaydigan shifokor, assistent va hamshiralarni mustaqil tanlash imkoniyati beriladi. Nufuzli konferensiyalarda qatnashish va xorijdagi hamkasblari bilan tajriba almashish xarajatlari qoplanadi.
Bu ishlar 26 ta ixtisoslashgan markazdan boshlanadi. Har bir markaz direktori kelasi yili 5-10 nafardan vatandosh shifokorni jalb etishga mas’ul bo‘ladi.
O‘zA