Chim mahallasi: obod qishloqdan iqtisodiy faol hududga
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining Chim mahallasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari alohida ob’ektlarni ta’mirlash yoki yangi binolar qurish bilan cheklanmaydi. Bu yerda mahalla infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, aholi turmush sifati va iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan yaxlit yondashuv shakllanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-298-son qarori asosida amalga oshirilayotgan “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi Chim mahallasi misolida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Dasturning muhim jihati shundaki, u faqat qurilish ishlarini emas, balki muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy infratuzilma, tadbirkorlik va aholi farovonligini bir-biri bilan uyg‘un holda rivojlantirishni nazarda tutadi.

Mahallada dastlab shaharsozlik talablariga javob bermaydigan 78 ta xonadon atrofida tartibga keltirish ishlari boshlandi. Shu bilan birga, Qarshi – Chim – Shahrisabz avtomobil yo‘li bo‘yidagi 17 ta hamda Chinorli va O‘rta Chim ko‘chalaridagi 59 ta xonadon qayta qurilmoqda va ta’mirlanmoqda. Ularning 14 tasida tijorat banklari moliyaviy ko‘magi asosida qurilish ishlari olib borilayotgani davlat va bank tizimining aholi manfaati yo‘lidagi hamkorligini namoyon etadi.

Mahalla markazida qurilayotgan mahalla va yoshlar markazi esa ushbu hududning kelajakdagi ijtimoiy hayot markaziga aylanishi kutilmoqda.

– Mahallada shu vaqtga qadar mahalla yettiligi faoliyat yuritishi uchun munosib bino bo‘lmagan, – deydi “Chim” MFY raisi Sobir Irisboyev. – Yangi markaz esa aholi bilan ishlash samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yerda davlat xizmatlari, huquqiy maslahatxona, ta’lim va sport markazlari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari hamda aholi dam olish maskanlari joylashadi. Bu esa mahallaning faqat ma’muriy emas, balki ijtimoiy faollik nuqtasiga aylanishiga xizmat qiladi.

Infratuzilmaga qaratilgan ishlar ham keng qamrovli. Loyiha doirasida mahallaga kirish qismi obodonlashtirilib, stella o‘rnatiladi. 2 kilometr avtomobil yo‘li asfalt qilinib, xuddi shuncha masofada piyodalar yo‘laklari va tungi yoritish tizimi barpo etiladi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida ikki dona 250 kVA quvvatli transformator, 220 ta temir-beton ustun hamda 8,4 kilometr elektr tarmog‘i quriladi. Shuningdek, ikki artezian qudug‘i qazilib, 3 kilometr ariq betonlanadi va lotoklar o‘rnatiladi. Bu ishlar kommunal xizmatlar sifatini oshirish bilan birga, kelgusida aholi soni va qurilishlar ko‘payishi uchun ham mustahkam asos yaratadi.

Mahalladagi to‘rtta ijtimoiy ob’ektni rekonstruksiya qilish ham inson kapitaliga investitsiya sifatida ahamiyatlidir. 4-sonli umumta’lim maktabida 12 milliard so‘mlik, 18-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida esa 7 milliard so‘mlik energiya tejamkor rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. 48-sonli oilaviy poliklinika zamonaviy tibbiy jihoz va mebellar bilan ta’minlansa, 2-sonli Bolalar sport maktabi ham yangilanadi. Bu esa ta’lim, tibbiyot va sport sohalarida xizmatlar sifati oshishiga xizmat qiladi.

Ekologik muhitni yaxshilash ham e’tibordan chetda qolmagan. 105 ta xonadonda 3 kilometr tok so‘risi barpo qilinib, 2 mingdan ziyod tok ko‘chatlari ekilgan. Bu bir tomondan mahalla ko‘rkini oshirsa, ikkinchi tomondan oilalarning qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar ham ahamiyatli. Bugungi kunda shaharsozlik talablari asosida 47 ta tadbirkorlik ob’ekti qayta ta’mirlanmoqda. Kanal bo‘yida 1,1 kilometrlik zamonaviy sayilgoh tashkil etilayotgani esa xizmat ko‘rsatish va turizm elementlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Mahalla markazida xususiy tadbirkor tashabbusi bilan barpo etilayotgan sayilgoh ham xususiy sektorning hudud taraqqiyotidagi ishtirokini ko‘rsatadi.

Eng muhim iqtisodiy loyihalardan biri samarasiz foydalanilayotgan 5 gektar bog‘ o‘rnida “Turonbank” ko‘magida zamonaviy agroklaster tashkil etilayotganidir. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida 26 ta issiqxona, 100 tonna sig‘imli sovutgich ombori hamda yangi transformator punkti qurilmoqda. Buning natijasida 52 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Demak, loyihaning asosiy natijasi faqat yangi ob’ekt emas, balki doimiy bandlik va aholi daromadining oshishida namoyon bo‘ladi.

Mahallaning eng keksa fuqarolaridan biri, 86 yoshli Eshmurod Xoliqovning xotiralari esa bugungi o‘zgarishlarning haqiqiy qiymatini yaqqol ko‘rsatadi.

– Bir vaqtlar yomg‘ir yog‘ishi bilan ko‘chalar loyga botar, bolalarning maktabga borishi qiyinlashar edi, – deydi Eshmurod bobo. – Bugun esa shinam ko‘chalar, zamonaviy infratuzilma va qulay sharoitlar yangi avlod uchun oddiy holga aylangan. Bu o‘zgarishlarni ko‘rib, mana shunday dorilamon kunlarga yetkazganiga shukrona aytamiz. Qo‘llarimiz doim duoda.

Chim mahallasidagi ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, zamonaviy mahalla tushunchasi endi faqat obod ko‘chalar bilan emas, balki sifatli infratuzilma, rivojlangan ijtimoiy xizmatlar, yangi ish o‘rinlari, tadbirkorlik imkoniyatlari va inson manfaatini ta’minlaydigan muhit bilan baholanmoqda. Aynan shunday kompleks yondashuv mahallalarning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlaydigan eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri