Chavandozimiz yana shohsupaga ko‘tarildi
Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan CSI2* tasnifidagi musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdurahmon Abdullayev muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Mahoratli chavandozimiz ushbu xalqaro turnirning 140 sm balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratish bahslarida «Go fout it B» laqabli tulpori bilan yo‘nalishni 30,92 soniyada bosib o‘tdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu musobaqada mezbon mamlakat vakili Humaid Abdulla Halifa Al Muhammad «Dubai» laqabli oti bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana bir mezbon sportchi Hazza Haman Aldhaheri «Eloy» laqabli oti bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, Abdurahmon Abdullayev bundan bir necha kun avval BAAning Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan CSI2* tasnifidagi turnirda «Chicaritto» ismli tulpori bilan ham kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA