«Charm to‘p-2022» Respublika final bosqichiga start berildi
Poytaxtimizdagi «Bunyodkor» futbol akademiyasiga qarashli maydonlarda an’anaviy «Charm to‘p» futbol musobaqasining Respublika bosqichiga start beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi va bir qator tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur musobaqaning Respublika bosqichida mamlakatimizning barcha hududidan 14 ta jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda bahslarga kirishadi.
«Charm to‘p-2022» an’anaviy futbol musobaqasi yuqori saviyada o‘tishi uchun tashkilotchilar tomonidan uchrashuvlar o‘tadigan maydonlarni kerakli sport anjomlari bilan jihozlash, bahslarga malakali hakamlarni biriktirish, turnirning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash, shuningdek, yosh iqtidor egalarini aniqlab, seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar a’lo darajada tashkillashtirildi.

Musobaqaning guruh o‘yinlari bugun 10 avgust kuni start oladi va ikki kun davom etadi. Guruh bosqichida eng ko‘p ochko to‘rlagan jamoa 13 avgust kuni yarim finalda o‘zaro raqobatlashadi. So‘ngra 15 avgust kuni musobaqaning final o‘yini va uchinchi o‘rin uchun bahs o‘tkaziladi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA