C5+1: O‘zbekiston va AQSH sherikligining yangi bosqichi
O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari hamkorlikni izchil kengaytirib, investitsiya, innovatsiya, savdo va inson kapitalini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi, 200 ga yaqin Amerika biznesi vakillaridan iborat delegatsiya ko‘plab tadbirlarda qatnashishi ham fikrimizni isbotlaydi.
2015-yil tashkil etilgan, Markaziy Osiyoning 5 davlati hamda AQSHni birlashtirgan C5+1 platformasi o‘tgan o‘n yil davomida ko‘p tomonlama muloqotning muhim mexanizmiga aylandi. 2023-yil Nyu-Yorkda, 2025-yil Vashingtonda o‘tkazilgan Prezidentlar uchrashuvi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga sezilarli turtki berdi.
– Siyosiy kelishuvdan aniq iqtisodiy loyihalarga o‘tish alohida ahamiyatga ega, – deydi mavzuga izoh berar ekan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xalqaro munosabatlar kafedrasi doktoranti Charos Jumanazarova. – Amerikaning yirik biznes guruhi ishtiroki to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya jalb qilish, qo‘shma korxona tashkil etish, ilg‘or texnologiyani amaliyotga joriy etish va mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish uchun yangi istiqbol ochadi.
Istiqbolli yo‘nalishlardan biri muhim, foydali yer osti moddalarini qazib olish va chuqur qayta ishlash sohasidagi hamkorlik hisoblanadi. 2024-yil sentabr va 2026-yil fevral oylarida imzolangan memorandumlar texnologik ishlab chiqarish zanjirini rivojlantirish, sarmoya jalb qilish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish uchun zamin yaratmoqda.

Energetika, raqamli iqtisodiyot, transport infratuzilmasi, aviatsiya, moliyaviy xizmat va qishloq xo‘jaligi ham muhim yo‘nalishlardir. Ayni jarayonda Amerika kompaniyalari ishtiroki sanoatni modernizatsiya qilish, milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish va yangi malakali ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Jumanazarovaning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim va innovatsiya sohasidagi hamkorlik ham alohida e’tiborga loyiq. Akademik almashinuvni kengaytirish, birgalikda ilmiy tadqiqot olib borish, mutaxassislar tayyorlash va universitetlar hamkorligini rivojlantirish inson kapitalini mustahkamlab, O‘zbekiston – AQSH sherikligiga uzoq muddatli asos yaratadi.
Qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston – Amerika biznes va investitsiya kengashi muhim o‘rin egallaydi. O‘tgan yil noyabr oyida tashkil etilgan ushbu tuzilma faoliyati sarmoyaviy tashabbuslarini tizimli qo‘llab-quvvatlab, ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlaydi.
O‘zbekiston uchun C5+1 doirasidagi AQSH bilan hamkorlik nafaqat iqtisodiy, balki muhim diplomatik ahamiyatga ham ega bo‘lib, xalqaro sheriklik ko‘lamini kengaytirish, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyo tashabbuslarini global miqyosda ilgari surishga xizmat qiladi.
Samarqanddagi muzokara yakuni o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi shubhasiz. Muvaffaqiyatning asosiy mezoni nafaqat yangi kelishuvlar, balki loyihalar amaliyotga tatbiq etilishi – ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilishi, texnologiya transferi, o‘zaro savdo hajmi ortishi, biznes va yoshlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishida ham namoyon bo‘ladi.
Bir so‘z bilan aytganda, C5+1 tobora aniq amaliy imkoniyat taqdim etuvchi platformaga aylanmoqda. O‘zbekiston va AQSH hamkorligi rivojlanishi esa barqaror iqtisodiy taraqqiyot, texnologik modernizatsiya va uzoq muddatli strategik sheriklik mustahkamlanishining muhim omilidir.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA