Buxoroning turizm targ‘iboti Indoneziyada
Ko‘hna va boqiy Buxoroning turizm imkoniyati yuzasidan targ‘ibot uchrashuvlari Indoneziyada, xususan, Jakarta shahrida o‘tkazilmoqda.
Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi hamkorligida Buxoro viloyati hokimligi va viloyat turizm boshqarmasi vakillari tomonidan tashkil etildi.

Indoneziyaning yirik jamiyati “Majlisi Ulamo” vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda “Roud shou” tadbirini o‘tkazishda bir qancha takliflar bildirilgan. Xususan, tadbirni Jakartadagi ekspomarkazda yoki “Sahid Hotel” mehmonxonasida o‘tkazish, Jakartada 178 ta filialiga ega 200 mingdan ortiq talabasi bo‘lgan “Muhammadiya” universitetida tashkil etish kabi masalalar ilgari surilgan. Shuningdek, “Majlisi Ulamo”lari tomonidan Indoneziyada Buxoro restoranlarini ochish maqsad qilinganligi ta’kidlangan. Qolaversa, Indoneziyada tashkil etiladigan “Roud shou” tadbirida buxorolik din ulamolari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Mir Arab oliy va o‘rta ta’lim madrasalari hamda Buxoro davlat universiteti vakillarini keng jalb qilgan holda Buxoroning ziyorat turizmi salohiyatini taqdimot qilish muhimligi ta’kidlangan.

Navbatdagi uchrashuv “HIMPUH” turizm tashkiloti rahbari Prana bilan o‘tkazilgan. Unda “Roud shou” tadbirini iyul-avgust oylarida o‘tkazish va shu davrda yirik tadbirlar va turli yarmarkalar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilganligi aytilgan.
Shuningdek, Indoneziyaning yirik turistik tashkilotlarini, “Asia Tour” va “Pimpinan Pusat Muhammadiyah” tomonidan “Umra+” dasturini amalga oshirish va keyinchalik yanada rivojlantirish maqsadida belgilangan tartib asosida indoneziyalik talabalarni Buxoro davlat universitetiga BDU va Gunadarma universitetlari o‘rtasida tuzilgan qo‘shma dastur asosida o‘zbek tiliga o‘qitish orqali indonez xalqi uchun hamroh tarjimonlarni yetishtirish takliflari bildirilgan.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri