Buxoroda turizm jadal rivojlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda turizm sohasida qabul qilingan bir qator me’yoriy hujjatlar va ularda belgilangan keng imkoniyatlar tufayli mamlakatimizda, xususan, Buxoroda turizm sohasi jadal rivojlanmoqda.
O‘tgan 2023 yil davomida viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun 75 ta yangi katta-kichik joylashtirish vositasi faoliyati qo‘yildi. Jumladan, 19 ta mehmonxona, 12 ta xostel, 44 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilindi. Turistik tashkilotlar soni esa 119 tadan 142 taga yetkazildi.
O‘tgan 2023 yilda viloyatga 1 million 387 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Xorijiy sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar orqali turizm xizmatlari eksporti 339,1 million AQSH dollariga yetkazildi. Shu bilan birga, respublika hududlaridan viloyatga 3 million 490 ming nafar mahalliy aholi sayyoh sifatida tashrif buyurdi.
2023 yilda turizm va unga yondosh sohalarda 25 ming 149 nafar yangi ish o‘rni yaratilgan.
[gallery-15848]
Sayyohlar vaqtini mazmunli tashkil qilish va hududda bo‘lish muddatini uzaytirish maqsadida har yili “Ipak va ziravorlar”, “Zargarlik va zardo‘zlik festivali, “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” kabi festival, ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, ichki va tashqi sayyohlik tarmog‘ini yanada rivojlantirish maqsadida “Ark” qo‘rg‘onining 100 yil avval vayron qilingan qismida “Arxeologik park” tashkil etildi.
Ayni paytda Buxoro viloyatida xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradigan 200 dan ortiq turizm namoyish ob’ekti mavjud bo‘lib, ular turistik marshrutlarga kiritilgan.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA