O‘zbekistonlik pedagoglar Yaponiyada malaka oshirdi
O‘zbekiston ta’lim tizimida xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan yana bir muhim qadam tashlandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning “BRIGHT” loyihasi doirasida vazirlik delegatsiyasi Tokushimadagi “Naruto” pedagogika universitetida malaka oshirish dasturida ishtirok etdi.
Delegatsiya tarkibidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti vakillari hamda pedagoglar o‘rin oldi. Dastur davomida ishtirokchilar “PDCA”, “Classroom Action Research” va ta’limda dalillarga asoslangan qaror qabul qilish usullari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Olingan bilim va ko‘nikmalarni kelgusida yurtimiz maktablarida tatbiq etish rejalashtirilgan.

Malaka oshirish kurslari “Naruto University of Education” va JICA ta’lim markazida tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda ta’lim tadqiqotlarini rejalashtirish va amalga oshirish, natijalarni tahlil qilish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar hamda Yaponiya maktablari tajribasi o‘rganildi.
Shuningdek, dastur doirasida Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi, “KEI Advanced” xususiy ta’lim kompaniyasi hamda O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida uchrashuvlar o‘tkazildi. Muloqotlar chog‘ida ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Dastur yakunida ishtirokchilarga xalqaro malaka oshirish dasturi sertifikatlari topshirildi. Olingan tajriba va ilg‘or yondashuvlar mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA