Buxoro shahrida “Yashil shanba” aksiyasi o‘tkazildi
Tabiat insonga berilgan bebaho ne’mat. Uning musaffo havosi, toza suvi, yashil daraxtlari va obod maskanlari hayotimiz farovonligining muhim mezonidir. Ammo tabiatni asrash faqat ekologlar yoki mas’ul tashkilotlarning vazifasi emas. Atrof-muhitga munosabat, avvalo, har bir insonning kundalik madaniyati va mas’uliyatida namoyon bo‘ladi.
Bugun yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va aholida tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlat rahbari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi va ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan ezgu tashabbuslar bugun hayotimizda tobora keng qaror topmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar uyg‘unligida Butunjahon tozalik kuni munosabati bilan Buxoro shahrida “Yashil shanba” aksiyasi o‘tkazildi.
Buxoro shahridagi Somoniylar istirohat bog‘i bu kuni odatdagidan ham gavjum bo‘ldi. Ammo bu yerga odamlar shunchaki sayr qilish yoki hordiq chiqarish uchun emas, balki tabiatga mehr, Vatanga daxldorlik va jamoat mulkiga mas’uliyat tuyg‘usini amaliy harakat bilan namoyon etish uchun jam bo‘lishdi.


Ommaviy ploging aksiyasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati va shahar partiya tashkilotlari vakillari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining Buxoro viloyati boshqarmasi xodimlari, ekofaollar hamda yoshlar faol ishtirok etishdi.
Aksiya davomida Somoniylar istirohat bog‘i hududi chiqindilardan tozalandi. Yo‘laklar, yashil maydonlar va sayr hududlarida yig‘ilib qolgan maishiy chiqindilar maxsus xaltalarga to‘planib, belgilangan joylarga chiqarildi. Bir qarashda bu oddiy yumushdek tuyulishi mumkin. Ammo uning zamirida katta ma’no bor. Chunki insonning tabiatga munosabati uning madaniyatini ko‘rsatadi. Yerga tashlangan har bir qog‘oz, plastik idish yoki boshqa chiqindi nafaqat atrof-muhit ko‘rinishiga, balki ekologik muvozanatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksincha, bir dona chiqindini yerdan olib, belgilangan joyga tashlash ham jamiyatdagi katta o‘zgarishning kichik, ammo muhim qadami bo‘lishi mumkin. “Yashil shanba” ana shu haqiqatni yana bir bor namoyon etdi.
Aksiya ishtirokchilari tomonidan yig‘ilgan chiqindilar hamkor tashkilotlar va ko‘ngillilar ko‘magida maxsus texnikalar yordamida belgilangan joylarga olib chiqildi. Shu tariqa nafaqat istirohat bog‘ining sanitariya va obodonlik holati yaxshilandi, balki aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ekologik mas’uliyat va jamoatchilik faolligini kuchaytirishga qaratilgan muhim tarbiyaviy muhit yaratildi.


Bugun Buxoroni yanada obod, yashil va ekologik jihatdan qulay hududga aylantirish faqat ko‘chat ekish yoki hududni obodonlashtirish bilan cheklanib qolmaydi. Yashil hududlarni asrash, ularni chiqindilardan muhofaza qilish, daraxt va o‘simliklarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ham xuddi shunday muhim. Zero, obod shaharni faqat yangi binolar, ravon yo‘llar va zamonaviy inshootlar emas, balki uning tozaligi, yashilligi va aholisining ekologik madaniyati ham belgilaydi. Shu ma’noda, “Yashil shanba” aksiyasi bir kunlik tozalash tadbiri emas. U odamlarni umumiy maqsad atrofida birlashtiradigan, “Bu joy mening uyimning davomi” degan tuyg‘uni shakllantiradigan ezgu tashabbusdir. Eng muhimi, bu kabi tadbirlar inson ongida “tozalikni kimdir kelib ta’minlaydi” degan qarash o‘rniga “tozalikka men ham mas’ulman” degan tushunchani qaror toptiradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri