Burhoniddin Marg‘inoniy majmuasi — Marg‘ilonning yangi sayyohlik markazi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan atalgan zamonaviy turizm markazi barpo etildi. Milliy meros va zamonaviy yondashuv uyg‘unlashgan mazkur yirik loyiha hududning sayyohlik salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
35 gektar maydonni egallagan majmuada qator madaniy va turistik ob’ektlar qad rostladi. Jumladan, ilmiy-amaliy markaz, “Otabek va Kumush uyi” muzeyi, hunarmandlar rastalari, karvonsaroylar, tarix muzeyi, sharqona bozor, maqom teatri hamda amfiteatr tashkil etildi.
Shuningdek, hududda sun’iy ko‘l, musiqali favvoralar, ko‘kalamzor maydonlar, dam olish maskanlari, mehmonxonalar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo qilindi. Loyiha sharqona me’morchilik an’analari asosida ishlab chiqilib, uni amalga oshirishda turkiyalik arxitektorlar ishtirok etdi.
Mazkur markaz nafaqat sayyohlik maskani, balki ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatga ega majmua sifatida ham e’tiborga molik. U yerda Burhoniddin Marg‘inoniyning boy ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilgan.
[gallery-29100]
“Otabek va Kumush uyi” muzeyida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari sahnalari badiiy ifoda etilgan bo‘lib, adabiyot va tarix uyg‘unligida o‘ziga xos muhit yaratilgan. Shu bilan birga, maqom teatri, shoir va rassomlar xiyoboni hamda kutubxona ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Kelgusida majmua hududida biznes markaz, 1500 o‘rinli masjid, zamonaviy mehmonxonalar, 400 ta savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtasi hamda 300 o‘rinli bozor barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq ishga tushgach, viloyatga yiliga 200–250 ming nafar xorijiy sayyohni jalb etish imkoniyati yaratiladi.
Marg‘ilonda barpo etilgan ushbu majmua qadimiy shahar qiyofasini saqlagan holda, uning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatlidir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA