«Bunyodkor» g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 22-turidan o‘rin olgan ikki uchrashuv yakunlandi.
Toshkentda «Bunyodkor» 2:1 hisobida «Buxoro»ni mag‘lub etdi. Uchrashuvning 8-daqiqasida Shahzodjon Ne’matjonov mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 34-daqiqada Temur Mamasiddiqov muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Abdulhamid Ikromov «qaldirg‘ochlar»ga g‘alaba keltirgan golni urdi.
Shu bilan «Bunyodkor»ning Superligadagi 11 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatli seriyasiga chek qo‘yildi. «Qaldirg‘ochlar» chempionatda so‘nggi bor 29-aprel kuni «Navbahor» ustidan g‘alaba qozongan edi.
G‘uzorda o‘tkazilgan «Mash’al» — «Paxtakor» bahsida 1:2 hisob qayd etildi. Poytaxt jamoasi tarkibida Flamarion 51 va 77-daqiqalarda gol urib, dubl qayd etdi. Mezbonlarning yagona goliga esa Humoyun Murtazoyev mualliflik qildi.
22-tur doirasida bugun yana to‘rtta uchrashuv o‘tkaziladi. Unda «Andijon» — «Nasaf» (17:15), «Surxon» — «Qo‘qon-1912» (18:00), «So‘g‘diyona» — OKMK (19:00) hamda «Lokomotiv» — «Neftchi» (19:30) jamoalari maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA