Bugun: gazetalarni varaqlaganda...
“Yangi O‘zbekiston” ”Yangi Toshkent – O‘zimizniki!” nomli katta sahifa bilan boshlanadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 12-oktabr kuni Yangi Toshkentga tashrifi bilan bog‘liq katta sharh bilan tanishasiz.
Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent bunyod etilayotgani haqidagi yangiliklar bilan tanisha turib, davlatimiz rahbarining faxr bilan: “Yangi Toshkent – O‘zimizniki!” degan so‘zlari jismingizga qanot bag‘ishlagandek bo‘ladi.
– Mazkur yirik loyiha kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. U yillar davomida kun-tun tinim bilmay qilingan izlanishlar, murakkab vaziyatlardagi oqilona qarorlar hosilasi. Tashrif davomida davlatimiz rahbari investorlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. U yerdagi samimiy muloqotni, ilgari surilgan tashabbuslarni tinglagan har bir inson yuz-ko‘zida Yangi Toshkent – O‘zimizniki degan qat’iy ishonch balqidi, deb yozadi muallif.
Shuningdek, gazetada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti haqida ham xabar berilgan.
“Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotining sifat ko‘rsatkichidir” (To‘rtinchi milliy dastur sharhi) ham mazmun-mohiyati bilan diqqatni tortadi. To‘rtinchi dastur – suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish. – Maktabda bolaga suvning qadrini o‘rgatish, daraxt ekish bilan birga uni parvarish qilish mas’uliyatini ham tushuntirish lozim, deya yozadi muallif. “Tarixiy yaqinlik va mushtarak maqsadlar”, “Malakali sudya – mustaqil sud hokimiyatining mustahkam tayanchi”, “Navoiyda turizm sohasi: Ulkan marralar ko‘zlanmoqda”, “Yangilanishlar faoliyat mezoniga aylanmoqda”, “Til – mildlatning ma’naviy xazinasi” kabi maqolalarda inson va jamiyat, islohotlar jarayoni aks etgan.
“Xalq so‘zi”da ham davlat rahbarining Yangi Toshkentga tashrifi, investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvi keng yoritilgan. Gazeta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning investor va tadbirkorlarga qarata aytgan “O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent – O‘zimizniki!” shiori – da’vatiga alohida urg‘u bergan. O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Yangi Toshkent sha’niga” she’ri ushbu benazir loyiha mazmun-mohiyatini bor-bo‘yi bilan o‘zida ifodalaganiga ishonch hosil qilasiz:
Intilganga tole yor deb shu donishmand xalq aytgan,
Xalq aytganmi, demak, buni Haq taolo, Haq aytgan.
Intilmasak, tog‘u qirdan, dovonlardan osholmaymiz,
Prezident aytgandayin: “Biz eskicha yasholmaymiz!..
Ko‘ring, do‘stlar, vaqt shiddati, sertahlika dunyoni,
Besh yilda biz bunyod etdik Yangi O‘Zbekistonni.
Na bir nafas rostlagaydir, na bir hordiq olgaydir,
Yurt egasin shiddatidan vaqt ham ortga qolgaydir.
Biz vaqtni orzu-maqsad jilovi-la boyladik,
Ona Yerning yuragiga niyatlarni joyladik.
Shoirlari bulbullardan qolishmagan Boshkentim,
Parij, London, Rumolarga alishmagan Toshkentim...
She’r davomini gazetadan o‘qiysiz.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning “Kambag‘allik girdobi” maqolasini, albatta, o‘qing. Muallif mushohadalari sizni befarq qoldirmaydi. “Xalq dardiga quloq tutish – faoliyat mezoni”, “Inson huquq va manfaatlari ustuvorligi – oliy qadriyat”, “Tarixiy adolat: Qatag‘on qurbonlari oqlanmoqda”, “Parijda yangragan uchinchi Renessans sadosi”, ”O‘zbekiston – hech kim e’tibordan qolmaydigan diyor”, “Til qadri – el qadri, inson qadri” kabi maqolalarda inson va jamiyat, yangi zamon odamlari, yuz berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar, inson qadri haqida so‘z boradi.
“Ishonch”ning bugungi soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangi Toshkentga tashifiga bag‘ishlangan “Yangi Toshkent – O‘zimizniki!” yoxud O‘zlik aks etgan bunyodkorlik epopeyasi” nomli katta sahifa bilan boshlangan.
– Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadon foydalanishga topshirilib, kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhiti yaratilishi rejalashtirilgan. Prezident uy-joylar bilan bir vaqtda dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlarini ham yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi, deb yozadi gazeta.
“O‘rindoshlikda ish haqi: muammo va yechim”, “Yolg‘iz onaning muammosi hal bo‘ldi”, “Asl tarbiya nimada namoyon bo‘ladi?”, “Iqboli kulgan Mirzo”, “Arbob ortga chekindi, muammolar-chi?” kabi maqolalarda o‘quvchi e’tiborini tortadigan muhim nuqta, jihatlar ko‘p. “Odamni aql boshqaradimi yoki hissiyot?” nomli maqolani, albatta, o‘qing. Tibbiyot fanlari doktori, Fransiyaning Oliy Psixomotor reabilitatsiya instituti faxriy professori, neyropsixolog Zarifboy Ibodullayev bilan bo‘lgan suhbat juda qiziq.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev,
O‘zA