Bugun: gazetalarni varaqlaganda...
“Yangi O‘zbekiston”da “Farovonlik xaritasi” ruknida berilgan “Qoraqalpog‘iston bugun shiddatli rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda” nomli maqola e’tiborni tortadi. – Qoraqalpog‘iston katta iqtisodiy hamda investitsiyaviy salohiyatga ega. Shu bois, iqtisodiyotda sezilarli o‘zgarishlarga erishildi.
Jumladan, 8 yil oldin hudud iqtisodiyoti aholi jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda edi. Bugun 7-o‘ringa ko‘tarildi, deb yoziladi unda. Maqolani o‘qing, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston zaminida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan voqif bo‘lasiz. Gazeta sahifalaridan joy olgan “Har bir tashrifda oltin fursatlarning qadriga yetish saodati bor”, “Inson kapitaliga tayangan taraqqiyot formulasi”, “Suyultirilgan gaz ta’minoti: tizimga xususiy sektor kirib kelmoqda”, “Tarixiy quvvat kelajakka zamin hozirlamoqda”, “Zamonaviy binolar – munosib tuhfa” kabi maqolalar tezkor zamon ruhi aks etgani, o‘quvchi qalbiga yaqin masalalar tahliliga bag‘ishlangani bilan e’tiborli. O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning 85 yilligiga bag‘ishlangan “Nasrdagi shoir” maqolasini o‘qirkansiz, maqola muallifi Azizbek Yusupovning benazir yozuvchi haqidagi “Hayotda qanday yashagan bo‘lsa, o‘z asarlarida ham shunday rostgo‘y va kamtar ijodkor bo‘lib qoldi” jumlalari qalbingizda aks-sado berib turadi.
“Xalq so‘zi”da davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi oldidan “Ko‘z o‘ngimizdagi o‘zgarishlar” ruknida “Toleida quyosh bitgan yurt” nomli katta tahliliy maqola bergan. “O‘zbekiston – Koreya: mushtarak maqsadlar va farovon kelajak sari dadil qadam”, “Yangi O‘zbekiston: dunyo e’tirof etayotgan taraqqiyot yo‘li”, “O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi: gumbaz ostidagi koinot”, “Samarqand yana bir intellektual muloqot maydoniga aylandi” kabi maqolalarda inson va jamiyat, kecha va bugun, rejalar, amalga oshayotgan orzular tahlili aks etgan.”Surxondaryoda kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish ishlari qanday bormoqda?” sahifasida Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratovning Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Qumqo‘rg‘on va Sho‘rchi tumanlarida mutasaddilar tomonidan kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishgani xususida so‘z boradi.
“Jadid”da e’lon qilingan Temur Xo‘janing “Jadidlar o‘lmaydi, jadidlar tirik!” she’ri ezgulikka baxshida umrlarning zavol topmasligi haqida:
Behbudiy dars berar, qarang, bugun ham,
Avloniy ta’limda hamon peshqadam,
Qodiriy yoshlarga tutmoqda qalam –
Jadidlar o‘lmaydi, jadidlar tirik...
Fitratning so‘zi bor fitratimizda,
Ibratning o‘zi bor ibratimizda.
Munavvar qorining qudrati bizda –
Jadidlar o‘lmaydi, jadidlar tirik.
Hech ikm untmagan Usmon Xo‘jani,
Fayzulla Xo‘jalar o‘sgan go‘shani,
Abadiy mustaqil ekan Vatani –
Jadilar o‘lmaydi, jadidlar tirik...
Cho‘lponu Tavallo, Elbukdan so‘rang,
Ne uchun qildilar zolim bilan jang?
Bugungi yoshlarning ko‘ziga qarang –
Jadidlar o‘lmaydi, jadidlar tirik...
“Jadid”da berilgan Ahmadjon Meliboyev qalamiga mansub “Odil og‘aning armoni” xotira-esse, ”XAYBAR – 25”da nima gaplar?” nomli suhbat, taniqli jurnalist Ro‘zimboy Hasanning “Xorazm jadid maktablari” sahifasi, “Fikrlash madaniyati”, “Insof sari baraka”, “Tanqidmi, chaqiriq?”, “Harir parda”, “Sizda tartib bormi?”, “Orzularim” kabi maqolalar orqali tarix va bugungi kun haqiqatlari bilan yuzma-yuz kelasiz.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA