BUGUN: gazetalarni varaqlaganda...
-
“Yangi O‘zbekiston”da kunning muhim siyosiy voqea-hodisalari tafsilotlarini yoritishga alohida e’tibor qaratilgan. “Saylovning dastlabki natijalari e’lon qilindi”, “Yangi saylov tizimi demokratik davlatdagi shaffoflikning yorqin namunasi”, “Xitoy – Markaziy Osiyo hamkorlik forumi: strategik munosabatlarni izchil rivojlantirish yo‘lida”, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya yakunida qabul qilingan Xiva dekloratsiyasi” kabi sahifalar shular jumlasidan. “Ularga ehtiyoj bor” nomli maqolani, albatta, o‘qing. Unda maktablarga erkak o‘qituvchi – ustozlarning qaytayotgani haqida so‘z boradi. Ushbu maqoladan bir parcha: “Erkak o‘qituvchilar maktabga qaytayotgani haqida maqola yoza boshlaganimda xayolim olis o‘quvchilik yillariga ketdi. Suv quygandek jim-jit maktab darsxonasini adabiyot muallimining vazmin va salobatli ovozi buzdi. Ustoz berilib she’r o‘qiydi:
“Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi manda...”.
Uning jiddiy qiyofasi qarshisida hayratdan qotib turardik. Ko‘z oldimizda vatan kengliklari jonlanar, tabiatga shaydolik, hayotga muhabbat tuyg‘usi aqlimizu ruhimizga ko‘chardi. Darslar juda qiziqarli va sokin o‘tar, hayotdan saboq berilardi go‘yo”...
“Baliq tutish uchun qarmoq berilganda...”, “El dardi bilan yashayotgan oqsoqol”, “Baxtiqul baxshining bisoti” kabi maqolalarda inson, uning intilishlari, imkoniyatlari aks etgan.
“Xalq so‘zi”da ham o‘quvchi e’tiborini tortishi mumkin bo‘lgan sahifa, maqolalar e’lon qilingan. “Milliy qonunchilik hamda xalqaro me’yorlar talablari asosida tashkil etildi va o‘tkazildi”, “Demokratik prinsiplarga hamohang”, “Manfaatli munosabatlar va mushtarak maqsadlar”, “Yurtimizdagi ijobiy o‘zgarishlar yuqori baholandi” kabi sahifalarda kuni kecha mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan saylov, uning dastlabki natijalari, fikrlar, mulohazalar aks etgan. “O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish ko‘rsatkichlari” sahifasida joriy yilning 9 oyi davomida O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi ko‘rsatkichlari, yil oxirigacha YAIM kamida 6 foizga oshishi kutilayotgani ta’kidlanadi. Bu davrda sanoat ishlab chiqarishi 7 foiz, bozor xizmatlari hajmi 12,8 foiz, transport xizmatlari hajmi 8,6 foiz, qurilish sohasi 7,1 foizga o‘sgani e’tirof etilgan. “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo yosh yetakchilari konferensiyasi: O‘zaro hamkorlik va birdamlikni mustahkamlashdagi yangi odimlar” sahifasida poytaxtimizda joriy yilning 30-31 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo yosh yetakchilar konferensiyasi: barqaror suv harakati paradigmasini o‘zgartirish” mavzuidagi nufuzli mintaqaviy anjumanga tayyorgarlik, ushbu anjumanning ahamiyati haqida so‘z boradi.
“Ishonch” “Deputatlik saylovining dastlabki natijalari” nomli sahifa bilan boshlanadi. Unda 28 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ishtirokida saylov yakunining dastlabki natijalari bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tgani, 15 million 27 ming 529 nafar saylovchi yoki jami saylovchilarning 74,72 foizi ovoz berishda ishtirok etgani ta’kidlanadi. “Sharoitlar ko‘ngildagidek(mi?)”, “Qars ikki qo‘ldan”, “Ko‘rsatma xatini biri rad etdi, boshqasi esa...”, “Mehmon kelar eshikdan”, “Kvadroberlik nima: sportmi yoki kasallik?” nomli sahifa, maqolalarni o‘qing, ketgan vaqtingizga achinmaysiz...
“Milliy tiklanish”da “Parlamentda ikkinchi siyosiy partiya mas’uliyatini qadrlaymiz” nomli katta sahifa e’lon qilingan. Unda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 29 ta o‘rinni egallab, parlamentda ikkinchi yirik partiya sifatidagi maqomini saqlab qoldi” deb yoziladi. “Ma’lumki, saylovlarda mamlakatimizdagi beshta siyosiy partiya nomzodlari o‘zaro raqobatga kirishgan, siyosiy partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga jami 875 nafar nomzod ro‘yxatga olingan edi. Tan olish kerak, bu safar nomzodlarga osmon bo‘lmadi. Saylovlar haqiqiy raqobat muhitida o‘tdi” deb yozadi muallif. “Nega aksariyat yoshlar siyosiy partiyalar faoliyatidan, ularning maqsad va vazifalaridan bexabarlar?”, “O‘rtoq alifboga qachon o‘tamiz?”, “Tasodifdan haqiqatga”, “Buyuk chinorlar haqida shunchaki gapirib bo‘lmaydi”, “Sho‘rolar davri harbiy nashrlari milliy ozodlik harakatiga qarshi kurash vositasi bo‘lganmi?” kabi maqolalarda milliy ruh, o‘zlikni anglashga da’vat, chorlov bor.
Bugungi gazetalarni o‘qing.
O‘zA