Britaniyadagi tarixiy muvaffaqiyat
Bugun Yangi O‘zbekistonda ilm-fan va ta’lim sohasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, mamlakatimiz yoshlarining dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olishi, xalqaro maydonlarda o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar o‘zining yuksak samarasini bermoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilib, yuzlab iqtidorli yoshlarning orzularini ro‘yobga chiqarishga, ularning jahon ilm-fani cho‘qqilarini zabt etishiga keng yo‘l ochib bermoqda.
Bugun ana shunday iqtidorli yoshlardan biri — buxorolik olim Farmon Asadovning navbatdagi yuksak yutug‘i nafaqat Buxoro ahli, balki butun mamlakatimiz ilm ahli uchun katta g‘urur va iftixor manbaiga aylandi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘lgan Farmon Asadov Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri sanalgan Lancaster Universityda falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Bu natijaning ahamiyatini yanada oshiradigan jihat shundaki, Lancaster universiteti Complete University Guide 2026 reytingiga ko‘ra Buyuk Britaniyaning eng yaxshi o‘ntalik universitetlari qatoriga kiruvchi ilmiy markaz hisoblanadi. Dunyo miqyosida tan olingan bunday ta’lim muassasasida doktorlik darajasini qo‘lga kiritishning o‘zi katta muvaffaqiyat bo‘lsa, Farmon Asadov erishgan natija yanada yuqori bahoga loyiq.
Chunki dissertatsiya himoyasi Britaniya oliy ta’lim tizimidagi eng yuqori ko‘rsatkich — hech qanday tuzatishlarsiz qabul qilindi. Ya’ni ilmiy ish komissiya tomonidan biror qo‘shimcha o‘zgartirish yoki qayta ishlash talab etilmagan holda to‘liq ma’qullangan. Bu xalqaro akademik amaliyotda juda kam uchraydigan holat bo‘lib, tadqiqotning yuqori ilmiy saviyada bajarilganini, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati yuksak baholanganini anglatadi.
Farmon Asadovning ilmiy tadqiqotlari mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sohalardan biri — paxtachilik va to‘qimachilik sanoatiga bag‘ishlangan. Tadqiqotda O‘zbekistonning paxta va to‘qimachilik tarmog‘ida ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, sohada majburiy mehnatni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan islohotlar samarasi, shuningdek, xalqaro brendlarni mamlakatimiz bozoriga jalb qilish omillari chuqur tahlil qilingan.
Ayniqsa, keyingi yillarda davlatimiz rahbari rahnamoligida mazkur sohada amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar, inson huquqlarini ta’minlash va munosib mehnat tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Farmon Asadovning tadqiqoti ham ana shu muhim jarayonlarni ilmiy asosda o‘rganishi bilan ahamiyatlidir.
Yosh olimning ilmiy salohiyatini tasdiqlovchi yana bir muhim jihat — uning tadqiqot natijalari asosida tayyorlangan maqolalar xalqaro miqyosdagi eng nufuzli ilmiy jurnallarda chop etilmoqda.

Jumladan, uning ilmiy maqolalaridan biri operatsiyalar va ta’minot zanjiri menejmenti sohasining dunyodagi eng yetakchi nashrlaridan biri hisoblangan International Journal of Operations & Production Management (IJOPM) jurnalida e’lon qilindi.
Mazkur jurnal xalqaro akademik hamjamiyat tomonidan eng yuqori baholanadigan ilmiy nashrlardan biri hisoblanadi. U Buyuk Britaniya biznes maktablari uyushmasining ABS reytingida “4”, Avstraliya biznes dekanlari kengashining ABDC reytingida “A” toifasiga kiritilgan bo‘lib, Scopus xalqaro ilmiy bazasida Q1 darajasida, ya’ni o‘z sohasidagi eng yuqori 10 foizlik jurnallar qatorida turadi.
Oddiy qilib aytganda, bunday jurnalda maqola chop etish har qanday olim uchun katta ilmiy yutuq hisoblanadi. Chunki maqola xalqaro ekspertlar tomonidan bir necha bosqichli, juda qat’iy taqriz jarayonidan o‘tgandan keyingina nashr etiladi.
Bugungi kunda Farmon Asadovning yana ikki ilmiy maqolasi xuddi shunday yuqori reytingli xalqaro jurnallarda ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa yosh olimning kelgusida ham jahon ilm-faniga munosib hissa qo‘shishini ko‘rsatadi.
U o‘z tadqiqotlari natijalarini dunyo ilm ahlini birlashtiruvchi yirik xalqaro anjumanlarda ham taqdim etgan. Xususan, Daniyaning Kopengagen shahrida o‘tkazilgan Academy of Management (AOM) 2025, Italiyaning Milan shahridagi EurOMA 2025 hamda Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan EurOMA 2024 xalqaro konferensiyalarida ishtirok etib, O‘zbekiston ilmiy salohiyatini munosib namoyon qildi.
Farmon Asadovning bugungi yutug‘i zamirida davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi, ta’lim va ilm-fan sohasiga qaratayotgan doimiy e’tibori mujassam. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan minglab yoshlar xorijning eng nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Prezident va nomdor davlat stipendiyalari, zamonaviy ta’lim dasturlari hamda xalqaro hamkorlik loyihalari bugun o‘z samarasini bermoqda.
E’tiborlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktabrdagi Farmoniga muvofiq, xalqaro reytinglarda birinchi 300 talikka kiruvchi universitetlarda olingan PhD darajasi mamlakatimizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri fan doktori (DSc) sifatida tan olinadi. Bu esa Farmon Asadovning ilmiy faoliyatida yana bir muhim bosqichni boshlab beradi.
Bugun buxorolik yosh olimning Britaniyada qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati yurtimiz yoshlari uchun katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Chunki ilmga intilish, mehnatsevarlik, qat’iyat va Vatanga sadoqat insonni dunyo tan oladigan yuksak cho‘qqilarga olib chiqishini yana bir bor isbotladi.
Xulosa qilib aytganda, Farmon Asadovning doktorlik dissertatsiyasini eng yuqori bahoda himoya qilishi nafaqat shaxsiy yutuq, balki Yangi O‘zbekiston ta’lim siyosati, davlatimiz rahbarining yoshlarga qaratayotgan g‘amxo‘rligi va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Bugun dunyoning nufuzli universitetlarida O‘zbekiston nomi ilm orqali yangramoqda. Ana shunday iqtidorli yoshlar esa mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti, ilm-fani va intellektual salohiyatini yuksaltiruvchi eng katta boylik hisoblanadi. Farmon Asadovning yutug‘i bugungi yoshlarga bitta muhim haqiqatni anglatadi: Yangi O‘zbekistonda bilim olish, izlanish va katta maqsadlar sari intilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri