Boysunda yoshlarning ijtimoiy faolligi oshirilmoqda
Boysun tumanida "Payshanba-yoshlar kuni" doirasida ta’lim muassasalari bitiruvchilari va vaqtincha band bo‘lmagan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Tuman hokimligi, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘linmasi, soliq inspeksiyasi, tuman yoshlar ishlari bo‘limi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda yigit-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirib, daromadli mehnat bilan ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarning muammolari, qiziqish va takliflari tinglanib, har bir murojaatni hal etish tegishli tashkilot va korxona rahbarlariga aniq muddat bilan ijrochilari ko‘rsatilgan holda yo‘naltirildi.

Uchrashuv yakunida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda mavjud 208 ta bo‘sh ish o‘rnini tavsiya etdi.

Mehnat yarmarkasida 8 nafar yosh o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashish uchun yo‘llanma olib, bandligini ta’minladi. 37 nafar yigit-qizga mehnat qonunchiligi, qayta kasbga tayyorlash, kasb tanlash va imtiyozli shartlar asosida band bo‘lish yuzasidan tegishli maslahat berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri