Qoraqalpog‘istonda “Mars bazasi” yaratilishi rejalashtirilmoqda
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi Qoraqalpog‘istonda U-MARS analog kosmik missiya loyihasini amalga oshirish konsepsiyasini taqdim etdi.
Loyiha haqida Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi — “IAC-2026” doirasida ma’lumot berildi.
U-MARS doirasida Mars ekspeditsiyasiga yaqin sharoitlarni yerda modellashtirish imkonini beruvchi maxsus maydon tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ishtirokchilar ma’lum vaqt izolyatsiyalangan muhitda yashab, “Mars missiyasi” ssenariysi asosida ilmiy tajribalar o‘tkazishi, texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishi va shartli boshqaruv markazi bilan aloqa qilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada aloqa, robototexnika, sun’iy intellekt, masofaviy monitoring, avtonom tizimlar va energetika sohasidagi ishlanmalarni ham sinovdan o‘tkazish mumkin.
Qoraqalpog‘istonning aholi zichligi past, ayrim cho‘l hududlari bunday analog missiya uchun nisbatan izolyatsiyalangan muhit yaratish imkonini beradi. Shuningdek, U-MARS kelajakda talabalar, yosh muhandislar va tadqiqotchilar uchun amaliy tajriba maydoniga aylanishi mumkin.
Hozircha loyiha rejalashtirish bosqichida. Uni amalga oshirish muddatlari, investitsiya hajmi va infratuzilma parametrlari hali ochiqlanmagan.
Nigora Rahmonova,
O‘zA