Botir Zokirovning barhayot qo‘shiqlari
Botir Zokirov nomidagi milliy estrada simfonik orkestrining “Botir Zokirov qo‘shiqlari” nomli konserti bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli san’atkorlar, jamoatchilik vakillari hamda talabalar ishtirok etdi.
Orkestr repertuaridan O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov qo‘shiqlari, O‘zbekiston kompozitorlarining asarlari, estrada yo‘nalishidagi klassik musiqalar va yangi sayqal berilgan zamonaviy estrada qo‘shiqlari o‘rin oldi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Milliy estrada-simfonik orkestri bilan Botir Zokirov nomidagi estrada orkestri birlashtirilib, Botir Zokirov nomidagi milliy estrada-simfonik orkestri tashkil etildi.

2024 yildan boshlab orkestr faoliyatining yangi bosqichi boshlandi.
– Rahmatli Botir Zokirov shunday musiqiy jamoalar tarkibida o‘zimizning qorako‘zlar ham ijod qilishini juda orzu qilar edilar, – dedi O‘zbekiston xalq artisti, “Yalla” ansambli badiiy rahbari Farrux Zokirov. – Bugun ustoz san’atkor merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ularning qo‘shiqlari yana ko‘plab avlodlar uchun o‘ziga xos maktab bo‘lib qolishiga shubha yo‘q.

Darhaqiqat, ustoz san’atkor Botir Zokirovning qo‘shiqlari kimgadir beg‘ubor va zavqli yoshlik davrlarini eslatsa, kim uchundir ko‘ngil mulki, san’atda o‘z yo‘lini izlayotgan yoshlar uchun esa betakror qo‘shiqchilik maktabi sanaladi. O‘z davrida bu qo‘shiqlar dunyoning turli mamlakatlarida yangrab, millionlab muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan. Xonandaning o‘ziga xos jarangli, takrorlanmas ovozi, mukammal ijro, shoir, kompozitor va qo‘shiqchining yaqin va samarali hamkorligi, mahoratli musiqiy ijro qo‘shiqlarning umrboqiyligini ta’minlagan, desak yanglishmaymiz.

Bugun jamoa yosh avlodni ma’naviy tarbiyalash borasidagi ishlarga munosib hissa qo‘shib, mamlakatimizdagi yirik konsert saroylari va maydonlarida, nufuzli davlat bayramlarida qiziqarli musiqiy dasturlarni taqdim etib kelmoqda.
Musiqiy kechada ustoz san’atkor Botir Zokirov ijro etgan qo‘shiqlar muxlislar e’tiboriga havola etildi.
N.Usmonova, O‘zA